Spark uchun shartnoma berish to‘xtatildi...

Spark uchun shartnoma berish to‘xtatildi...

UzAvtosavdo ilovasida Spark avtomashinasi uchun kontraktasiya taqdim etish to‘xtatilgan. Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi “UzAuto Motors” AJning bir qancha dilerlik markazlari bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, taxminan 2-3 oy oldin Spark uchun shartnoma berish to‘xtatilgan. Kompaniya bu haqda rasmiy xabar bermagan. Kontraktasiya qachon tiklanishi noma’lum.

Spark uchun shartnoma berish to‘xtatildi...

Toshkentdagi "PSM Avtosavdo" MCHJ dilerlik markazidagi narxnoma

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 7 543 dona Spark ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘p. Biroq 2020 yilga nisbatan Spark ishlab chiqarish qariyb ikki barobarga qisqargan.

Uzun navbatlar yanada uzayishda davom etmoqda

12 avgust holatiga, kamida 50 foiz puli oldindan to‘lab qo‘yilgan va ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillar soni 128 160 tani tashkil etmoqda. Xususan:

  • Cobalt uchun – 32 497 dona;
  • Lacetti uchun – 55 382 dona;
  • Traverse uchun – 169 dona;
  • Tahoe uchun – 51 dona;
  • Nexia-3 uchun – 97 dona;
  • Damas-2 uchun – 39 958 dona buyurtma berib qo‘yilgan.

Faqatgina aksariyat o‘zbekistonliklar uchun narxi qimmat bo‘lgan Malibu-2, Equinox, Trailbazer avtomobillari uchun navbatlar yo‘q.

Dilerlik markazi xodimlarining bildirishicha, shu kecha-kunduzda “Lacetti-Gentra” uchun pul to‘lansa, keyingi yilning may oylarida avtomobilni salondan olib chiqish mumkin bo‘ladi.

Sog‘lom raqobat sharoitidagi bozorda taklif qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu ishlab chiqaruvchining manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo bugun iste’molchilar oldida boshqa muqobil tanlov yo‘q. Shu sabab odamlar kompaniyaning haddan ortiq qoliplangan takliflariga ko‘nishga majbur.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirish topshirig‘i berilgandi. Shuningdek, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish vazifasi ham yuklatilgandi. Ammo bugungi kunga kelib, navbatlar soni aprel oyining oxiriga nisbatan ham ikki barobardan ortiqroqqa (23 aprel holatiga 63 062 ta navbat bo‘lgan) ko‘paygan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!