Sotaman - u ketaman yohud "G‘assol"larning biz bilmagan "ish"lari...

A A A
Sotaman - u ketaman yohud "G‘assol"larning biz bilmagan "ish"lari...

O‘lim haqdir. Har bir tirik jon borki, o‘lim sharbatini totguvchidir. Bu Allohning bandalari uchun bitib qo‘ygan taqdiridir. Shariatda o‘lim va unga tegishli bo‘lgan holatlar to‘g‘risida qonun va qoida ko‘rsatmalar bor. Bu odatlarga inson betobligidan toki, qabrga qo‘yilgungacha bo‘lgan holatlar kiradi. Bu amallardan biri mayitni yuvish amallaridir. Mayitni yuvish farzi kifoya amallaridan hisoblanadi. Shariatda har bir insonga tegishli bo‘lgan mayitni o‘z farzandlari va yaqinlari yuvishligi joiz. Ona o‘tsa qiz farzandlari, xola, ammalari, ota o‘tganda esa, o‘g‘il farzandlar, amakilar va yaqinlari yuvishlari kerak bo‘ladi. Agarda farzand va yaqinlari ichida yuvishga layotqatlilari topilmasa, aytaylik bemor yoki botinolmasa «g‘assol» yollash joiz bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam “O‘liklaringizni ishonchlilaringiz yuvsin” – dedilar. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, yuvuvchi kishidan ham bir qadar bilim va qoidalar talab etiladi. Taqdir taqazosi bilan bir janozada ishtirok etdim. U yerda notanish ayolning gaplari meni diqqatimni tortdi. Ayol “Bolam, - deya so‘z boshladi, onam rahmatlik o‘tganlarida «g‘assol»ni qay tarzda yuvganini hech esimdan chiqara olmayman. Uch choygardon suv bilan onamni uch joylaridan quyib janozaga hozirlab bergan edi. Keyinchalik bilsam yuvishni ham o‘z tartib va qonun-qoidalari bor ekan. Onamni qay holatda yuvganlarini eslasam, hali-hanuz o‘zimni kechira olmayman. Sizga nasihatim, «g‘assol»larni ishlaridan boxabar bo‘linglarki, boshqa mayitlar ham mening onam kabi yuvilib ketmasinlar”. Shundan so‘ng, «g‘assol»lar ishini kuzata boshladim. Haqitdan ham, onaxonning gaplari nihoyatda to‘g‘ri ekanligini guvohi bo‘ldim. Mayit yuvishda «g‘assol»larni yuvish qonun-qoidalarini umuman bilmasliklari, irim-sirim, bid’at-xurofotlarga va nafs ilinjiga berilganliklari va buning natijasida, mayitlar nopok yuvilayotganliklarini shohidi bo‘ldim. Eng hayratga soladigan tomoni shundaki, mayit kuzatilib ulgurmasdan «g‘assol» ayollarni o‘z nafsi ilinjida mayit egalaridan bosh oyoq sarupo, yangi ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq, qimmatbaho taqinchoqlar talab qilayotganliklari va eng achinarlisi mayitni bor bisotidagi narsalarni yig‘ib olib farzandlariga falon pul evaziga “sotamanu-ketaman” qabilida ko‘tara narxlarga sotib olishlarini talab qilishlari, umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bunday ta’magirlar insonlarning boshiga tushgan musibatni, o‘z nafsi yo‘lida foydalanayotganliklari juda ham achinarli holdir. Bu amallarning orqasidan qanchadan–qancha mayitlarimiz oxirgi manzillaridagi savol-javobga qay holatda yuzlanganliklarini tasavvur qilish qiyin emas. Ulamolarimiz, agar mayit nopok yuvilib ko‘milsa, qabr yangi bo‘lsa, kovlab olinib, qayta yuvib kafanlashga izn berishadi. «G‘assol» yuvish ishlarini yaxshi biladigan tahoratli, ishonchli, taqvodor, oqil bo‘lishi, yuvish tartib qonun-qoidalarini yaxshi bilmoqligi lozim. Dinimizda «g‘assol» xizmat haqqini mayit egalari bilan oldindan kelishib olsa ham bo‘ladi. Bunga shariatimizda xech bir qarshilik yuq. Agar xizmat haqi oldindan kelishilmagan bo‘lsa, “boy boricha, yo‘q xolicha” qabilida ish tutilmog‘i lozim. Islom dinimizda esa xaqidan ziyodasini so‘rab olish gunoh hisoblanadi. Ko‘zimizga arzimas bo‘lib ko‘rinadigan bu kabi ishlarni aslida Robbimizga yuzlanish uchun eng muhim va eng mas’uliyatli amallardan ekanligini va Yaratganning huzuriga pokiza holatda borishligimizga hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz lozim bo‘ladi. 

Navoiy viloyati bosh imom xatibining 
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi: U.Xolova

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!