Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar vakili G‘uzor TTBni tekshirish bilan ovora. Vafot etgan qizaloqning to‘rt yoshli ukasi esa yordamga muhtoj

Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar vakili G‘uzor TTBni tekshirish bilan ovora. Vafot etgan qizaloqning to‘rt yoshli ukasi esa yordamga muhtoj

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida jamoatchilik uchun noma’lum, shifokorlar uchun esa ma’lum kasallikdan vafot etgan olti yoshli qizaloqning to‘rt yoshli ukasi ham isitmalab, yordamga muhtoj ahvolga kelgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi yuborgan ishchi guruh vakillari esa G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasini tekshirish bilan ovora. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘uzor tumaniga maxsus ishchi guruh sifatida yuborilgan pediatrlar — Dilrabo Abdullayeva hamda Muborak Alixo‘jayevalar G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, vafot etgan bolalarning o‘limiga nima sabab bo‘lganini aniqlashtirishga urinmoqda.

Vazirlik ishchi guruhi a’zosi Muborak Alixo‘jayeva «Daryo» muxbirining «Ishchi guruhning birinchi galdagi vazifasi bolalarni asrab qolish emasmi? Hujjatlarni tekshirish, vafot etgan bolalar o‘limiga nima sabab bo‘lgani keyin masala bo‘lishi kerak emasmi», degan savoliga bemor bolalarga yordam berish uchun ularning mutaxassisliklari to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

«Men ham shunga hayronman. Bizga ayni paytda bizni tekshiradigan emas, bemor bolalar hayotini saqlab qoladigan yordamchi kerak. Ishchi guruh a’zolari esa faqat bizni tekshirish bilan ovora. O‘zi shundog‘am tekshiradigan organlar yetib-ortadi», — deydi «Daryo» bilan muloqotda bo‘lgan G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Dilmurod Shaymardonov.

«Vazirlikdan hech kim kelmagan. Men ham Toshkentdan uyga boryapman. Ukam yig‘lab telefon qilyapti, jiyanimizning ahvoli og‘ir. Yordam beradigan mutaxassis kerak», — deydi Fazliddin Abilov.

Fazliddin Abilovning aytishicha, betob bolani uning ukasi Feruz Abilov Qarshi shahridagi shifoxonaga olib ketmoqda.

«Hech kimdan yordam kelmagach, boshqalardan umid qilishni to‘xtatib, o‘zimning shaxsiy mashinamda uch nafar jiyanimni Qarshidagi shifoxonaga olib ketyapman. Ular bilan telefonlashganimizda bolalarni olib keling deyishdi», — deydi Feruz Abilov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda.

Feruz Abilov bemor jiyani bilan birga yana ikki nafar jiyanini shifoxonaga olib ketayotganini, ular ham tekshiruvdan o‘tishi kerakligini aytmoqda.

«Menga tanish mutaxassisning aytishicha katta ehtimol bilan suvchechak yoki omikron, chunki ikkalasining ham badaniga toshma toshgan bo‘lgan. Shuni aytishga qo‘rqyapti, karantin qilib tashlashi mumkin», — deydi Fazliddin Abilov o‘z taxminini o‘rtaga tashlar ekan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!