Sirkulyar iqtisodiyotning afzalliklari

Sirkulyar iqtisodiyotning afzalliklari

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari yopiq siklli (sirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirishning afzalliklari va dunyo mamlakatlarining bu boradagi tajribasini tahlil qildi.

So‘nggi yillarda dunyodagi ko‘plab mamlakatlar yopiq siklli (sirkulyar) iqtisodiyot ekologik muammolarni hal qilishning asosiy chorasi, deb hisoblamoqda. Chunki u atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bilan bir qatorda, resurslarni tejash, biologik xilma-xillikni asrash, ishlab chiqarish va iste’mol qilishning barqaror modellarini yaratish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ushbu yo‘nalishlarda innovasiyalarni tatbiq etish, biznesni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Bu bejiz emas. Sababi butun dunyoda chiqindilarning hosil bo‘lish sur’ati yil sayin oshib bormoqda. 2020-yilda dunyoda jami 2,24 milliard tonna qattiq chiqindi hosil bo‘lgan. Uning atigi 17 foizi qayta ishlangan.
2050-yilga borganda, aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi va urbanizasiya tufayli yillik chiqindilarning vujudga kelishi 2020-yildagiga qaraganda 73 foizga oshib, 3,88 milliard tonnaga yetishi kutilmoqda.

Shu bois dunyodagi qator mamlakatlar qattiq maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishini kamaytirish va mahsulotlardan takroran foydalanish yoki ularni qayta ishlash uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Masalan, Niderlandiya 2030-yilga borib, resurslardan foydalanishni 50 foizga kamaytirish va 2050-yilga borib, chiqindilarsiz yopiq siklli iqtisodiyotga to‘liq o‘tishni maqsad qilgan. Fransiyada esa 100 foiz yopiq siklli iqtisodiyotga o‘tishga oid 50 ta chora-tadbirni o‘z ichiga olgan Yopiq siklli iqtisodiyotning yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston ham mamlakatda yopiq siklli iqtisodiyotni tatbiq etish va rivojlantirishga harakat qilayapti. 2019-yilda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratishni nazarda tutuvchi “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlangan. Strategiyada hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash, o‘ziga xos xususiyatga ega qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish va chiqindi poligonlarida ko‘mib yuboriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish kabi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish ko‘zda tutilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!