Sirdaryoda shifokorlarni kaltaklaganlar ustidan jinoiy ish ochildi — Bosh prokuratura

Sirdaryoda shifokorlarni kaltaklaganlar ustidan jinoiy ish ochildi — Bosh prokuratura

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tez tibbiy yordam shifokorlari kaltaklangani haqida xabar bergandik. Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha bayonot berdi.

Mahkama matbuot xizmatiga ko‘ra, 2020 yil 3 iyun kuni kech soat 23:30 larda Sayxunobod tumani, Do‘stlik mahallasida joylashgan «Qodir» ismli shaxsga tegishli baliq ko‘lida qorovul vazifasida ishlovchi A.B. ko‘lga tushib, o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida oyog‘idan tan jarohati olgan.

Shu vaqtda uning yonida bo‘lgan tanishi E.N. tez tibbiy yordamni chaqirtirgan. Chaqiruvga ko‘ra yo‘lga otlangan navbatchi feldsher V.N. undan aniq manzilni so‘raganida E.N., mast bo‘lganligi sababli, feldsher bilan telefonda tortishib ketadi. Tez tibbiy yordam avtomashinasi aytilgan manzilga yetib kelgan vaqtida E.N. navbatchi feldsher V.N.ni urib tepib, unga tan jarohati yetkazgan. Feldsher bilan birga kelgan navbatchi shifokor J.O. ularni ajratmoqchi bo‘lganida u ham kaltaklanadi.

Dastlabki tibbiy ma’lumotga ko‘ra, feldsher V.N.da bosh miya yopiq jarohati, burun suyagi sinishi, o‘ng qo‘l beshinchi panja barmog‘ining yopiq sinishi va shifokor J.O.da bosh miya yopiq jarohati, o‘ng qosh yorilishi, peshona suyagining yorilgan jarohati mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tumani IIB huzuridagi TG tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi («Bezorilik») 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha asosiy gumondor prosessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan bo‘lib, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Shuningdek, bayonotda mahkama matbuot xizmati mazkur voqelikka oid ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlarga qilinayotgan tajovuzlar bo‘yicha Bosh prokuraturaga avval ham murojaat qilgani, biroq muammo hal etilmagani mazmuni aks etgan xabarlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Mahkama matbuot xizmatining alohida ta’kidlashicha, bunday ma’lumotlar hech qanday asosga emas. Nafaqat shifokorlarga, balki har bir fuqaroga qilingan tajovuz, ularning sog‘lig‘i yoki mulkiga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlar qonun doirasida hal qilib kelinmoqda. Bosh prokurorning Sog‘liqni saqlash vaziri nomiga yozilgan (va ijtimoy tarmoqlarda e’lon qilingan) maktubida ham qonun ustuvorligini ta’minlashda tibbiyot xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining mas’uliyatini birdek kuchaytirish borasidagi o‘zaro say’-harakatlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Shunday ekan, bu borada qonun ustuvorligi ta’minlanib, jazo muqarrarligi ta’minlanishida shubhaga o‘rin yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!