Sirdaryoda bemehr ota-ona nogironlik bilan tug‘ilgan farzandidan voz kechdi

Sirdaryoda bemehr ota-ona nogironlik bilan tug‘ilgan farzandidan voz kechdi

Guliston shahar prokuraturasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda voyaga yetmagan Alijon Qahhorovning manfaatini ko‘zlab, javobgarlar Alisher Odilov hamda Malika Sherdilova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)larga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilish va ulardan aliment undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilishini so‘rashgan. Ho‘sh, ahvol shu darajaga borishiga nima sabab bo‘ldi?

Gulistonlik Alisher Odilov hamda Malika Sherdilovalar 2016 yil 12 fevralda nogironlik bilan tug‘ilgan farzandini oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaganligini rukach qilib, undan 2016 yil 14 sentyabrda notarial tartibda voz kechishgan.

Hozirgi kunda bolakay tuman hokimligining 2019 yil 3 apreldagi qaroriga asosan, “Go‘daklar uyi” da tarbiyalanayotir. Ming afsuski, qalbi o‘ksik bolajonning ota-onasi shu kungacha umuman undan habar olishmagan va bolaning tarbiyasida ishtirok etishayotgan edi.

O‘z farzandining taqdiri bilan qiziqmagan bunday ota-onalarga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 79-moddasi 1-qismi 1-bandida “ota-ona (ulardan biri) ota-onalik majburiyatlarni bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkinligi” ko‘rsatilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining qaroriga asosan, da’vogar Guliston shahar prokuraturasining voyaga yetmagan Alijon Qahhorovning manfaatini ko‘zlab, unda javobgarlar Alisher Odilov hamda Malika Sherdilovalarga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi da’vosi qanoatlantirildi. Shuningdek, viloyat “Go‘daklar uyi” foydasiga 2020 yil 15 iyul kunidan boshlab to farzandi voyaga yetgunga qadar javogarlarning har birini ish haqi va boshqa daromadlarining 1/8 qismi miqdorida aliment undirish belgilandi.

Ha, ota-ona mehriga muhtoj bolalarning taqdiri juda murakkab bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Biz istardikki, bag‘ri tosh bu ota-ona hayotdagi bu qo‘pol va kechirib bo‘lmaydigan yanglishganlarini tezroq anglab yetishsin. Aks xolda, ularni ohiratda ham bundanda og‘ir jazo kutib turgani muqarardir.

Narzulla MUROTOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!