Shveysariyadagi AQSH–Eron muzokaralari tungacha davom etdi: vositachilar ilk yutuqlar haqida xabar berdi
Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida AQSh va Eron o‘rtasida o‘tkazilgan yuqori darajadagi muzokaralar yarim tunda yakunlandi. Muzokaralarda vositachilik qilgan Qatar va Pokiston tomonlar o‘rtasida «rag‘batlantiruvchi taraqqiyot» kuzatilganini ma’lum qildi.
Qatar va Pokistonning qo‘shma bayonotiga ko‘ra, tomonlar 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib olgan. Texnik darajadagi muzokaralar esa hafta davomida davom etadi.
AQSh delegasiyasiga vise-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner boshchilik qildi. Eron tomonidan parlament raisi Muhammad Boqir Qolibof hamda tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etdi.
Muzokaralar Eronning Hurmuz bo‘g‘ozini qayta yopish haqidagi bayonoti ortidan bo‘lib o‘tdi. Tehron bu qarorni Isroilning Livandagi harakatlari va AQSH–Eron memorandumi shartlari buzilgani bilan izohladi. AQSh harbiylari esa bu da’voni rad etib, bo‘g‘oz orqali kema qatnovi davom etayotganini bildirdi.
Prezident Donald Tramp muzokaralar arafasida Eronni Livandagi ittifoqchilari harakatlarini to‘xtatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, aks holda Vashington yanada qattiq choralar ko‘rishi mumkin.
Bunga javoban Muhammad Boqir Qolibof AQSh tahdidlari Eronga ta’sir qilmasligini aytdi va Tehron bosim ostida qaror qabul qilmasligini ta’kidladi.
Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarda qatnashish uchun mamlakat xavfsizlik xizmatlari, Markaziy bank va neft sanoati rahbarlari ham Shveysariyaga kelgan. Bu esa muhokamalar nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy va energetika masalalarini ham qamrab olayotganini ko‘rsatadi.
