“Shimoliy oqim” o‘tkazgichlari qo‘poruvchilik oqibatida ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin

“Shimoliy oqim” o‘tkazgichlari qo‘poruvchilik oqibatida ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin

“Shimoliy oqim” gaz o‘tkazgichlaridagi portlashga sabotaj sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Daniya va Polsha bosh vazirlari ma’lum qildi.

“Idoralar tekshiruvi natijasi aniq — bu atayin uyushtirilgan xatti-harakatlar oqibatida sodir bo‘lgan. gap tasodifiy avariya haqida ketmayapti”, – degan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen.

Shu bilan birga u hozircha aniq ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidlagan. Daniya iqlim va energetika vaziri Den Yorgensen ham geologlarning o‘tkazgichlarda portlash yuz bergani haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlab, quvurlar dengiz tubida joylashganini, u po‘lat va betondan yasalganini aytgan. Sizib chiqish hajmi esa buning avariya natijasida yuz bermaganini ko‘rsatmoqda.

Shvesiya TIV rahbari Ann Linde “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2”dan gaz sizib chiqishi qo‘poruvchilik harakatlari oqibatida kelib chiqqanini yozgan. Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy ham hodisani sabotaj sifatida baholagan.

Der Spiegel’ning yozishicha, AQSh markaziy razvedka boshqarmasi Germaniya hukumatini yozdayoq gaz o‘tkazgichlariga ehtimoliy hujumlardan ogohlantirgan. Nord Stream 2 AG operatori ham nosozlikning tasodifiy emasligini ta’kidlagan. Kompaniyada quvurlar Boltiq dengizi tubiga mustahkam yotqizilganini, uning bir necha tarmoqlari bir vaqtda portlashi mumkin emasligini ma’lum qilgan.

Shvesiya milliy seysmik tarmog‘i birinchi portlashni 26 sentyabr tunda, ikkinchisini esa kun oxirida qayd etgan. Portlashlardan birining kuchi 2.3 magnitudani tashkil etgan. Shuningdek, Potsdamdagi geofizika tadqiqot markazi ham ikki suvosti silkinishini aniqlagan.

Daniya qurolli kuchlari 27 sentyabrda gaz sizib chiqishi videolarini e’lon qildi. Qayd etilishicha, ayrim joylarda sizib chiqish diametri 1 kilometrga etgan. Germaniya bu mamlakat gaz ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini, so‘nggi vaqtlarda gaz o‘tkazgichlar orqali import amalga oshirilmaganini ma’lum qilgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Berlin “Shimoliy oqim-2”ni sertifikasiyalash jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. “Shimoliy oqim” orqali gaz yetkazib berish esa yoz oylari davomida 20 foizgacha pasaydi, avgustda esa butunlay to‘xtab qoldi. Kreml buni texnik ishlar bilan izohlagan. YEI esa buni inkor qilib, Moskvani energetik shantajda ayblamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!