SHHTga a’zo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum imzolandi

SHHTga a’zo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum imzolandi

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-tarixiy aloqalarni mustahkamlash hamda muzey ishining eng yaxshi an’analarini saqlab qolish maqsadida SHHTga a’zo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum imzolandi.

"Mazkur memorandum shunisi bilan muhimki, — deydi Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Botir Shahriyorov.Unga ko‘ra, SHHT davlatlari muzey ishi sohasida, madaniy-ta’lim va ko‘rgazmalar almashinuvi borasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishi ko‘zda tutilgan".

Botir Shahriyorov muzeylar ichki va tashqi turizm rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:

“Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi yangi muzeylar sonini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, joriy yilning 26 aprelida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muzeylarni zamonaviy ko‘rinishda qayta ta’mirlash, muzeylardagi eksponatlarni restavrasiya qilish haqida topshiriq bergandi. Kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham turistik ob’ektlarning holatini yanada yaxshilash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu bejizga emas, albatta. Negaki turistik ob’ektlar qatorida muzeylar ham yurtimizdagi boshqa turistik ob’ektlar singari xorijlik sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishga xizmat qiladi”.

SHHTga a’zo mamlakatlarda muzey ishini rivojlantirishga oid memorandum bu borada tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, bu bitimga ko‘ra, SHHT mamlakatlari tarixi, madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirish ishlari rag‘batlantiriladi.

Mazkur hujjat bilan tomonlar muzey ishiga oid dolzarb mavzularda qo‘shma ilmiy va ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar tashkil qilishlari hamda bu tadbirlarda SHHTga a’zo mamlakatlar vakillarining ishtirok etishlari belgilandi.

Bundan tashqari, Memorandum asosida muzeylarda faoliyat yurituvchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

SHHT davlatlari soha vakillari ko‘rgazmalarni tashkil etish hamda muzey ashyolarini saqlash, restavrasiya va konservasiya qilishda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilishga doir tajribalari bilan almashishadi.

Shuningdek, muzey ishida inklyuziv loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda hamkorlik va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Memorandum SHHT mamlakatlari muzeylar to‘plamlaridan iborat madaniy merosni asrash va ommalashtirishda Tashkilotga a’zo davlatlarning bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirishni ko‘zda tutadi.

Tomonlar kelishuviga ko‘ra, ushbu Memorandumga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Qayd etish joizki, ushbu bitim SHHT davlatlari o‘rtasidagi turizm rivojlanishi borasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!