SHHT davlatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolandi

SHHT davlatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolandi

Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida bir qator bitimlar imzolandi. Ular orasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim alohida ahamiyat kasb etadi.

SHHT — turizmni yanada rivojlantirish uchun eng yaxshi maydon

Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zolarining umumiy yer maydoni 34 mln. kv.km.ga teng bo‘lib, Yevroosiyo qit’asining 60 foizini tashkil qiladi. Bu tashkilotga a’zo davlatlar aholisi dunyo aholisining deyarli yarmiga, ya’ni 3,4 mlrd. kishiga (2021 yil hisobi bo‘yicha) teng. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2030 yilga kelib Xitoy va Hindiston dunyoning o‘nta eng rivojlangan iqtisodiyoti barqaror davlatlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

«Standart Chartered» xalqaro bankining tahliliga ko‘ra, 2030 yilga kelib dunyodagi yetakchi o‘nta iqtisodiyoti yetuk davlatlar YAIMining hajmi 190 trln.ga yetadi, shundan 60 foizi Xitoy, Hindiston va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shanxay hamkorlik tashkilotlari a’zolari o‘rtasida turizmni rivojlantirish salohiyati juda katta. YUNESKO Insoniyatning Umumjahon moddiy va nomoddiy merosi ro‘yxatidagi 143 ta moddiy va nomoddiy ob’ektlar SHHT a’zolariga to‘g‘ri keladi. SHHT doirasida ko‘plab loyihalar va hamkorlik dasturlari, a’zo davlatlarning xilma-xil madaniyati, madaniy va ijodiy mahsulotlar bilan tanishish uchun yagona turistik makonni yaratish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. SHHT kotibiyati hozirda Butunjahon turistik shaharlar federasiyasi (BTSHF), UNWTO va boshqa tashkilotlar bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Xitoy dunyoga eng ko‘p turist «etkazib beruvchi» davlatga aylandi, chetga pandemiya sababli kiritilgan chiqish cheklovlari olib tashlanganidan keyin chetga 100 milliondan ortiq mamlakat fuqarosi sayohat qilishga tayyor. Hilton Group kompaniyasining Xitoydagi 20 ta eng katta shahar aholisida o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, 85 foiz aholi sayohat to‘g‘risidagi xotiralari hayotidagi eng baxtli lahzalardan biri bo‘lganligi, 90 foiz aholi cheklovlar olib tashlangandan so‘ng sayohatga chiqmoqchi ekanligini va 50 foiz aholi (ya’ni har ikkinchi inson) kelajakda ko‘proq sayohat qilmoqchi ekanligini bildirishgan. Bunday SHHT a’zolarida cheklovlardan charchagan sayohatchilarni o‘z davlatlariga sayohat uchun jalb qilib, madaniy va turistik boyliklarini ko‘rsatish imkoniyatlari mavjudligi anglatadi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimning ahamiyati

Yuqori ma’lumotlardan kelib chiqib, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim qanchalik samara keltirishini bilish qiyin emas. Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan imzolangan mazkur bitim turizm rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va xorijiy davlatlar aholisini o‘zaro bir-birlarining madaniy hayoti bilan yanada yaqinroq va yaxshiroq tanishtirishni ko‘zda tutadi. SHHTning keng maydoni va juda ko‘p aholini qamrab olishini inobatga olsak, turizm borasidagi hamkorlik har bir davlatning turizm sohasi rivojlanishiga xizmat qiladi.

Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Botir Shahriyorov ushbu bitim SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishi va mustahkamlashini ta’kidladi.

“Bitimga ko‘ra, tomonlar SHHTga a’zo davlatlarning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, tomonlar davlatlari xalqlarining tarixi, madaniyati, tabiati va an’analari bilan yaqindan tanishish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga hissa qo‘shadilar”, – dedi u.

Ta’kidlash kerakki, bitimga ko‘ra davlatlar turizmni rivojlantirish yo‘lida doimiy hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Darhaqiqat, turizm sohasida hamkorlikning kengayishi davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga, o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi. SHHT tashkilotiga a’zo davlatlarning turizm sohasida doimiy hamkorligi esa har tomonlama manfaatlidir.

Ayni damda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda turizmga katta e’tibor qaratilayotganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, SHHT sammitida imzolangan bitim juda qimmatli va muhim ahamiyatga egadir. Ishonamizki, bu bitim tashkilotga a’zo davlatlarning turizmi yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!