Sherzod Kudbiyev Shavkat Mirziyoyevning fikrlariga qarshimi?

Sherzod Kudbiyev Shavkat Mirziyoyevning fikrlariga qarshimi?

Yaqinda Soliq qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sherzod Kudbiyev jurnalist qizga keskin javob qaytardi.

Jurnalist qiz unga savol berdi va bu uning emas, xalqning fikri, xalqning savoli ekanligini aytdi. Bunga javoban esa Kudbiyev "Siz xalqning nomidan gapirishga haqli emassiz, xalqning nomidan prezident va deputat gapirishga haqli", tarzida javob qaytardi. Xo‘sh, jurnalistlar, OAV xodimlari jamiyat va davlat o‘rtasidagi vositachi, xalq fikrini hukumatga yetkazadigan ko‘prik bo‘lishi kerak emasmi? Jurnalistlar chindan ham xalqning savollariga hukumatdan javob olishga haqli emasmi? Bu savolga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlari javob bo‘ladi.

"Bizning eng katta muammoimiz - hamma amaldorlar ham quyiga tushib, xalqning ichiga kirishni uddalay olmayapti. Yurish kerak, xalqning dardini eshitish kerak. Shu masalada jurnalistlarga ham iltimosim bor - siz hamma joyda yurasiz. Mening qadamim yetmagan joyda ham siz albatta bo‘lasiz. Xalq bilan ko‘proq suhbatlashing, ularning dardini eshiting".
Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilning mart oyida Toshkent viloyati Chinoz tumaniga tashrifi davomida jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatidan.

"Eng asosiysi, ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratayotganini alohida qayd etish lozim".

Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda matbuot va OAV xodimlariga yo‘llagan tabrigidan.

Aslida, davlatimiz rahbari OAV xodimlari bilan bo‘lgan har bir uchrashuvda muammolarni dadil olib chiqish, xalqni qiynayotgan muammolarni o‘rtaga ko‘tarish, xalq va hukumat o‘rtasida vositachi bo‘lish, xalqning fikrini yetkazishni so‘raydi. Bu yoqda esa Sherzod Kudbiyev savolga javob berish o‘rniga jurnalistga "Sizning xalq nomidan gapirishga haqingiz yo‘q", deyishi mutlaqo yarashmagan gap bo‘ldi.

Istardikki, nafaqat Kudbiyev, balki umuman barcha rahbarlar o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, OAV bilan munosabatni to‘g‘ri olib borsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘zimiz istagan natijaga erisha boramiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!