Shayx Hasan Husayniy: Koronavirusni mazax qilayotganlarga murojaat

Shayx Hasan Husayniy: Koronavirusni mazax qilayotganlarga murojaat

Koronavirus Alloh tomonidan kelgan bir musibat. Endi biz uni masxara, kulgi va mazax  bilan qarshi olamizmi? Ijtimoiy tarmoqlarni ochgan vaqtingizda koronavirusga atalgan hazil-mazax, kulguga ko‘zingiz tushadi. 

Bo‘ldi, yetar endi, bas qilaylik. Ro‘y berayotgan musibatlarni odatiy hol deb, Allohning azobi va jazosidan qo‘rqmaydigan va ibrat olmaydiganlardan ajablanaman. Bu o‘rinda mazax qilish shaytonning bizga hukmron bo‘lgani, qalbimiz qotib ketganining alomatidir. 

Alloh taolo: “Bizlarning baloyimiz kelganida tavba-tazarru qilsalar bo‘lmasmidi? Lekin ularning dillari qotib qolib, shayton ularga o‘zlari qilib yurgan ishlarini chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandir”, demaganmi? Atrofimizdagi hodisalarni ko‘rmayapmizmi? Kasal va o‘lganlarning guvohi bo‘lmayapmizmi?

Nimani kutayapmiz? Biz ibrat olib Allohga qaytishimiz uchun osmondan bir ofat tushib hammamizni halok qilsinmi, endi?

Musulmon kishi balo-kulfatlarni qanday qarshi olishi kerakligini bilasizmi? Tavba bilan qarshilaydi, Allohga qaytish bilan qarshilaydi, o‘tinib so‘rash bilan qarshilaydi. O‘tinib so‘rang! 

Siz ey hazil-mazax kulgili videolarni tarqatadigan kishi! Sizla his-tuyg‘u bormi o‘zi? Sizda qalb bormi? Sizda qon bormi? 

Darslar to‘xtatildi, chegaralar yopildi, masjidlar qulflandi, juma va jamoat namozlari bekor qilindi. Muazzin “namozni uylaringizda o‘qing”, deyapti. Umralar to‘xtatildi, salkam bir oydan beri yer yuzidagi biror kimsa umra qilolgani yo‘q. Yoki Alloh bizning chiqishimizni istamay bizni o‘z joyimizga mixlab qo‘ydi. Bu bizning gunohlarimiz sabablimi, ajabo! Yoxud ma’siyatni oshkora qilganimiz uchun Alloh bizdan yuz o‘girdimi? 

Bu bir ogohlantirishdir. Unda hech qanday masxaraga o‘rin yo‘q! Ba’zi salaflar aytishgan: “Insonlar agar Allohning buyruqlarini poymol qiladigan bo‘lsalar, Alloh uchun arzimas bo‘lib qoladilar”. 

Bandalarning holiga voy bo‘lsin! Allohning azobidan ogohlantiruvchi kelsa masxara qiladigan bandalarning holiga voy bo‘lsin! Biz Allohga qaytib qadamimizni to‘g‘ri bosishimiz uchun kelgan kasallik bir ogohlantiruvchi emasmi?! Ogohlantirish faqat payg‘ambarga xos emas, balki payg‘ambar o‘gitlarini o‘z ichiga olgan kalimadir. Alloh taolo aytadi “Biz mo‘’jizalarimizni faqat bandalarimizni halokatdan qo‘rqitish uchun yuboramiz”. 

Agar bugun qo‘rqmasangiz, qachon qo‘rqasiz? 

Allohga yaxshi gumon qilish yaxshi, lekin yaxshi gumonda bilan birga ozuqa ham bo‘lmog‘i lozim. Sizning ozuqangiz esa, tavba va go‘zal amaldir. Parvardigoro, biz o‘z jonlarimizga jabr qildik, agar O‘zing bizlarni mag‘firat qilmasang va rahm-shafqat qilmasang, shubhasiz ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lurmiz.

Shayx Hasan Husayniy

Manba: azon.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!