Shaytonga eng yaqin holatlar

Shaytonga eng yaqin holatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Yuragimiz shayton har tomondan kirib olishga urinadigan qal’adir. U inson qalbiga egalik qilish uchun turli nayranglarga qodir. Ammo naqadar makkor bo‘lmasin, shaytonni qalbimizga kiritish yoki kiritmaslikni faqat o‘zimiz hal qilamiz.

Qalbning shaytonga qo‘l keladigan zaifliklarini o‘rganilmaguncha, undan himoya qilish amallari mukammal bo‘lmaydi.

G‘azab va ehtiros

G‘azab — insonni yengadigan kuchli tuyg‘ulardan biri. G‘azab odamdagi hamma yaxshi narsalarni yakson qiladi. Darg‘azab inson qalbidagi yashirin nozik torlardan biri shayton tomonga qarab titrab turadi.

Bundan tashqari, inson g‘azablanganda, shayton qo‘lidagi o‘yinchoqqa aylanadi, natijada irodasi sustlashib, nafsga qullik mayli paydo bo‘ladi.

Hasad va baxillik

Hasad va baxillik tunu kundek narsa, biri albatta ikkinchisini dunyoga keltiradi va insonni mutlaq diyonatsiz qilib qo‘yadi. Hasad Allohga noshukurlik va Parvardigor nasib etgan mavqedan norozilik tufayli yuzaga keladi. Inson hasadlanayotgan payti Allohni unutadi, demak, shayton izmiga yuradi.

Baxillik – hasad natijasi va bizdagi bor narsalarning bari Allohga tegishli ekani hamda undan kelishini anglamaslikdir.

Ko‘p yeyish

Ayrimlar ovqat yeyish qanday qilib insonni shaytonga esh qilishi mumkinligini tushunmaydilar. Islom musulmonlarga har narsada me’yorni bilishni buyuradi, chunki haddan ortiqlik bo‘ysunmaslikka, nafsga qullikka olib keladi va insonni shubhali ishlarni qilishga undaydi.

Shoshqaloqlik

Hadisda shunday deyilgan: “Mulohazakorlik va andisha Allohdan, shoshqaloqlik va sabrsizlik shaytondandir”.

Inson shoshib qilishga uringan har qanday ish shaytonning nayrangidir. Shoshmashosharlik keyin afsusga sabab bo‘ladigan oqibatlarga olib keladi. Parvardigor bandalarga aql bergan, albatta, undan foydalanishlari, har bir so‘z, amalni o‘ylab qilishlari va qizg‘inlik qurboniga aylanmaslik uchun.

Kambag‘allikdan qo‘rqish

Kambag‘allikdan qo‘rqish insonlarning pulga katta ma’no berib yuborishlari va Allohga kelajaklarini ishonmasliklari natijasida yuzaga keladi.

Alloh Qur’onda shunday degan: « Shayton sizga faqirlikni va’da qiladir va fahsh ishlarga buyuradir. Alloh sizga O‘zidan mag‘firat va fazlni va’da qiladir. Va Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir.» (2-sura, 268-oyat).

Me’yordan ortiqlik

Yuqorida ta’kidlanganidek, Islom – bu har narsada me’yor degani. Me’yordan oshish taassub va ortiqchalikka olib keladi, bu insonni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi va uni shayton ixtiyoriga topshiradi.

Parvardigor Qur’onda shunday deydi: « Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun sizlarni o‘rta ummat qildik » (2-sura, 143-oyat).

Boshqalar haqida yomon xayolga borish

«Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir». (49-sura, 12-oyat).

Islom insonlar haqida yomon gumonga borishni taqiqlaydi va ular haqida hulqi va ochiq amallariga ko‘ra xulosa chiqarishni buyuradi. Shuningdek, hukm chiqarish ham taqiqlanadi, illo bu Allohga va faqat O‘ziga xosdir.

Qoralab, gumon qilib, birovning qayg‘usidan shodlanar ekan inson boshqalar bilan birga o‘ziga ham zulm qiladi, asosiysi, o‘ziga shaytonni rahnamo bilib Haq yo‘lidan chiqadi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!