Shavkat Mirziyoyev «Yunusobodga yangi kuch kelayotganini» ta’kidladi

Shavkat Mirziyoyev «Yunusobodga yangi kuch kelayotganini» ta’kidladi

15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tumanning yangi hokimi Jahongir Ibrohimov haqida gapirdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari Jahongir Ibrohimov timsolida «Yunusobodga yangi kuch kelayotganini» ta’kidladi.

«Bektemirda to‘rt yil hokim bo‘lib ishladi. Bu „repetisiya“ edi. Endi mana shu 352 ming aholisi bor rayonning hokimi. Jahongir Ibrohimovni men Sirdaryoda ham sinab kelganman. Tajribasi bor. Toshkentning issiq suvlarini, kottejlarini, do‘konlarini, farovon ko‘chalari, nurli chiroqlarining qadriga yetadi», — dedi davlat rahbari.

Prezident Jahongir Ibrohimovni tumanga «raskladushka» bilan kelganini ta’kidladi.

«Men Ibrohimovga yo Yunusobod bo‘yicha ishlarni bajarasan, yo ishonchni oqlamaysan, dedim. Shuning uchun u «raskladushka» bilan keldi rayonga. «Raskladushka»ni olib hokimiyatda yotmaydi, sektor mahallasida jamoyasi bilan borib yotadi. Mahallaning «hidi» yoqmasa, ketadi. Menga mahallaning «hidi» yoqadi. Mahallaning «hidi» — xalqning ovozi», — dedi prezident.

Davlat rahbari, shuningdek, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligidan yangi hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tayinlanganligini e’lon qildi. Vazirlikdan «Gazeta.uz»ga xabar berilishicha, Iqtisodiy rivojlanish vazirligida bo‘limlardan birida ishlagan Amrbek Muhitdinov hokimning yangi o‘rinbosari bo‘ldi.

Chapdan o‘ngga: Yunusobod tumanining sobiq hokimi Raxmanbek Usmonov (hozirda transport vazirining o‘rinbosari), tumanning yangi hokimi Jahongir Ibrohimov, ehtimol hokimning yangi birinchi o‘rinbosari Amrbek Muhitdinov. Keyingisi — soliq boshqarmasi rahbarlari, prokuror va tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari.

Bundan tashqari, agar hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, sektor rahbarlari bir oy ichida prezidentning mahallalarda olib boradigan ishlari to‘g‘risida topshiriqlari asosida taqdimot tayyorlasalar va uni xalq deputatlari Kengashida himoya qila olsalar va shundan so‘ng Kengash tavsiyalar bersa, soliq boshqarmasi rahbarlari, prokuror va tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbarlari o‘z lavozimlarida qolishlari ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, prezident, agar Kengash deputatlari xalq vakillari sifatida «o‘zlarini befarq tutsalar», ular «xalqqa xiyonat qilishadi», — deya ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi ishlardan qoniqmayotganini va yangi tizim asosida ishlash kerak ekanligiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, Yunusobod tumani iqtisodiy jihatdan Toshkent shahridagi barcha tumanlardan yetakchi bo‘la olishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!