Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar aylanmasi oxirgi uch yil ichida uch baravarga o‘sdi, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kungi brifingda.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2017 yildagi 177,4 mln dollardan 2020 yilda 527,1 mln dollarga ko‘tarilgan.

«Bizning tovar aylanmamizda bunday raqam yo‘q edi. Pandemiyaning barcha qiyinchiliklariga qaramasdan joriy yilda biz o‘zaro savdoni 25%ga oshirishga muvaffaq bo‘ldik… Bu bizning munosabatlarimizda yaxshi, aniq qonuniy baza yaratilganligini anglatuvchi real raqamlar», — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltiradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, chegaraoldi savdo markazini tuzish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, uchinchi mamlakatlardan import qilinadigan tovarlar o‘rnini O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqariladigan va ikkala mamlakat bozorida talabgir bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan almashtirish to‘g‘risidagi kelishuv o‘zaro savdoning o‘sishiga olib keladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar sanoat kooperasiyasini muhokama qilishgan, shu bilan birga, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, kimyo, transport va logistika sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishgan.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

Shavkat Mirziyoyev avtomobillarni yig‘ish, elektrotexnik mahsulotlar, qurilish materiallari, paxtani qayta ishlash va bog‘dorchilik mahsulotlari, logistik infratuzilmani yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida yo‘l xaritasi qabul qilinishini ta’kidladi.

«Biz turizm sohasida ham klasterlar tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Aslida bizda brend shaharlar mavjud», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga ham e’tibor qaratdi, shuningdek, Lebap va Doshog‘uz viloyatlari delegasiyalarining Buxoro va Xorazm viloyatlariga bo‘lgan samarali tashriflarini qayd etdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, chegaraoldi viloyatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri doimiy muloqoti, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston hududlarining haryillik forumini o‘tkazish iqtisodiy hamkorlikning o‘sishiga xizmat qiladi. Ushbu formatdagi uchrashuvlarning birinchisi 2022 yil Xivada bo‘lib o‘tadi.

Transport sohasidagi hamkorlik yo‘nalishida ikkala mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish yil boshidan 15%ga o‘sgan. Tomonlar kelgusida ham transport koridorlaridan, shu jumladan «Ashxobod kelishuvi»dan (Eron, Ummon, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro transport va tranzit koridori), samarali foydalanish uchun kerakli sharoitlarni yaratishga kelishishdi.

«Biz turkman do‘stlarimiz bilan „Turkmanboshi“ dengiz portining noyob salohiyatidan kelgusida ham foydalanishni ko‘zlayapmiz. Bugun ham ushbu dengiz porti orqali Yevropaga chiqishni muhokama qildik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidetning aytishicha, suv va ekologiya mavzulari, iqlim o‘zgarishi masalalari mamlakatlar iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, prezident suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman qo‘shma komissiyasi o‘z ishini boshlaganligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, o‘tgan hafta O‘zbekiston Tuyamuyin suv omborining Sultonsanjar qo‘rg‘onini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishni boshladi.

«Biz bu haqda ko‘p yillar gapirganmiz, lekin, vanihoyat, endi bu borasida oldinga siljish kerak degan xulosaga keldik. Chunki suv muammosi faqat bizning mintaqada emas — bu butun dunyoda mavjud muammo. Bu juda jiddiy va keng muammo. Mana bizda hech qanday masalalar bo‘lmasligi uchun biz suv muammolari bo‘yicha 10−20−30−50 yil oldinroq ishlayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston «loyiha uzoq yillar davomida bizning mamlakatlarimiz farovonligiga xizmat qilishi uchun savodli loyihalashtiruvchilarni, xalqaro ekspertlarni» jalb qilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham fikr almashishdi. Ularning fikriga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va butun mintaqa xalqining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqqan holda «shifokorlik diplomatiyasi»ning maqsad va vazifalarini birga amalga oshirish bo‘yicha kelishib olishdi.

Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda «Toshkent» bog‘ining qurilgani uchun Gurbanguli Berdimuhamedovga minnatdorchilik bildirdi.

«Gurbanguli Myalikguliyevich ushbu loyiha ustida bizning xalqimiz qadriyatlariga rioya etgan holda, ehtiyotkorona ishlayotganini men bilaman», — dedi u va Toshkentdagi «Ashxobod» bog‘i poytaxt aholisi va mehmonlarining sevimli joylaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

Bundan tashqari, davlat rahbarlari ikkala mamlakatning qonunchilik organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini ta’kidlashdi va parlamentlararo dialogni, jumladan O‘zbekiston Oliy Majlisi va Turkmaniston Milli Gengeshi Mejlisida faoliyat olib boradigan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhlari ishlarini ham yanada faollashtirish kerakligi qayd etildi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar natijalari bilan qoniqganligini ma’lum qildi.

U barqaror energetika sohasidagi hamkorlikka to‘xtalib, Turkmaniston va O‘zbekistonning mintaqadagi yirik loyihalarni, xususan «Turkmaniston — O‘zbekiston — Qozog‘iston — Xitoy» gaz quvurlari, amalga oshirishda ishtirok etayotganligini ta’kidladi. Bundan tashqari, tomonlar Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga elektr energiyasini yetkazib berish hajmlarini oshirishga tayyorligini bildirdi.

«Turkmaniston „Turkmanboshi“ xalqaro dengiz portining infratuzilmasidan „O‘zbekiston-Turkmaniston-Kaspiy dengizi“ marshruti bo‘yicha Qora dengiz portlari orqali Yevropaga chiqish maqsadida multimodal transport koridorini to‘liq yo‘lga qo‘yish uchun foydalanishga berishga tayyor», — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Turkmaniston prezidentining ma’lum qilishicha, tashrif davomida mamlakat 300 mln dollardan ortiq qiymatga ega o‘zbek tovarlarini sotib olish bo‘yicha shartnomalarni imzolash bo‘yicha taklifni taqdim etgan.

Prezidentlarning qo‘shma bayonoti

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti muzokaralar natijasi bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining qo‘shma bayonotini e’lon qildi.

Turkman tomoni 2021 yil 24 oktyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston prezidenti saylovlari asnosida elektoral jarayonning borishini yuqori baholadi hamda bo‘lajak saylovlar «yuqori demokratik standartlar asosida o‘tishiga va O‘zbekiston fuqarolarining o‘sib borayotgan siyosiy ongi va jamoatchilik faolligi darajasini yaqqol namoyish etishiga» ishonch bildirdi.

Davlat rahbarlari yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 mlrd AQSh dollarga muvozanatli ravishda oshirish maqsadida o‘zaro savdoni diversifikasiya qilish, uning nomenklaturasini har ikki mamlakat bozorida talabgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar yordamida kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Ikki mamlakat hududidan o‘tuvchi xalqaro transport marshrutlarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida tomonlar tariflarni yanada optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda qulay sharoitlar taqdim etishga qaratilgan tizimli o‘zaro foydali hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Tomonlar ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus va aviatashuvlarni rivojlantirish O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yuk, yo‘lovchi va turistlar oqimlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Prezidentlar «Turkmanboshi» xalqaro dengiz porti va «Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Turkmaniston — Ozarbayjon — Gruziya — Yevropa» xalqaro multimodal marshrutining mavjud yuqori salohiyatini to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladilar.

Turkmaniston o‘zbek tomonining BMT shafeligida Transport-kommunikasiya aloqalarini rivojlantirish Mintaqaviy markazini ochish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston turkman tomonining BMT shafeligida Mintaqalararo transport qatnovini rivojlantirish bo‘yicha Maxsus dasturni yaratish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Davlat rahbarlari o‘zbek-turkman Davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish masalalari bo‘yicha Qo‘shma komissiya ishini yuqori baholadilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolaridagi suv resurslari «mintaqa xalqlarining umumiy boyligi ekanligini, mintaqada istiqomat qiluvchi o‘nlab million odamlar va kelajak avlodlar taqdiri, butun mintaqaning barqarorligi va farovonligi ushbu resurslardan adolatli va oqilona foydalanishga bog‘liqligini» qayd etdilar.

Tomonlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini (OQXJ) Orol dengizi falokati ta’siriga uchragan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirishga qaratilgan ekologik va ilmiy-texnik loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun universal platforma sifatida qaraydilar.

Davlat rahbarlari manfaatdor vazirlik va idoralarga 2022 yilda o‘zaro O‘zbekiston va Turkmaniston madaniyat va kino kunlarini tashkil qilishni topshirdilar.

Tomonlar yadroviy qurolni tarqatmaslik rejimini har tomonlama ta’minlashda BMT sa’y-harakatlariga ko‘maklashish maqsadida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi xudud to‘g‘risidagi shartnoma doirasida xamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!