Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov bir-biriga maktub yo‘lladilar

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov bir-biriga maktub yo‘lladilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bir-biriga maktub yo‘lladilar. Ularda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasi hamda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari yuksak baholangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Eng avvalo, Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti davomida Turkmaniston delegasiyasiga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik va alohida e’tiboringiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sammit doirasida Siz bilan g‘oyat mazmundor, samimiy va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvimiz turkman va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yana bir bor tasdiqladi. Biz ushbu qadriyatlarni nafaqat saqlab qoldik, balki bugungi kungacha yetkazib, davlatlararo munosabatlarning poydevoriga aylantirdik.

Turkiylar va umuman jahon sivilizasiyasining beshiklaridan biri bo‘lgan aynan Samarqandda qardosh xalqarimizning mushtarakligi tasdiqlangani, do‘stlik va barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga sur’at bag‘ishlangani, global taraqqiyotning bugungi juda murakkab sharoitlarida turkiy davlatlarning birligi, jipsligi, hamkorligining siyosiy va mafkuraviy asoslari mustahkamlangani chuqur ramziy ma’noga ega.

Siz sammitda o‘zgacha mehmondo‘stlik, o‘zaro ishonch va ochiqlik muhitini yaratganingizni alohida ta’kidlamoqchiman. Tadbirning muvaffaqiyatli o‘tgani, aytilgan maqsadlarga erishilgani ko‘p jihatdan shu tufaylidir. 

Ishtirokchi davlatlar turkiy dunyo g‘oyalariga, o‘ziga xos tarixiy yo‘liga, an’ana va urf-odatlarning bardavomligiga, ajdodlarimiz merosi va umumiy ildizlarimizga qat’iy sodiqligini tasdiqlagani Samarqand uchrashuvining eng muhim natijasi bo‘ldi.

Bu tushunchalar davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni to‘liq ifoda etadi. Sizning Turkmanistonga, uning xalqiga bo‘lgan hurmatingiz, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligingiz tufayli mamlakatimizda Sizga yuksak ehtirom bilan qaraydilar.

Turkman va o‘zbeklar shunchaki qo‘shni emas. Biz tili, madaniyati, dini bilan bog‘langan, o‘tmish, bugun va kelajakdagi yagona taqdirini his etayotgan qardoshlarmiz. Bu haqda so‘z yuritganda, uchta qadim naqlni keltirmoqchiman:

- qo‘shni keldi – ko‘mak keldi;

- mehmon otangdan ulug‘;

- qiyomat kuni - qo‘shnidan.

O‘zbek birodarlarimizga nisbatan his-tuyg‘ularimizning asl mohiyati, birgalikda barpo etish, rivojlanish, o‘zaro hamkorlik qilishga doir tasavvurlarimiz aynan shu maqollarda mujassam.

Yaqinda Turkmanistonda amalga oshirgan rasmiy tashrifingiz chog‘ida Siz bilan o‘tgan uchrashuvimizda, Samarqanddagi sammit doirasidagi marosimda qo‘llaringizdan “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni olayotganimda shu haqda ko‘p o‘yladim. Bilaman, Siz, qardoshim qo‘llab-quvvatlagani uchun ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘ldim. Buning uchun chuqur minnatdorligimni qabul qiling.

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lida qilayotgan barcha sa’y-harakatlaringiz uchun tashakkur. Sizning O‘zbekistonga rahbarligingiz davomida siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bir qator yirik qo‘shma infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirildi, tashqi siyosiy sohada, mintaqaviy va global barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari amalda ishlay boshladi. O‘zbekiston Turkmanistonning betarafligi va xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib turibmiz va yuksak qadrlaymiz. Men buni Siz bilan, Sizning ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tiboringiz va ishtirokingiz, ikki xalq va davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikka sadoqatingiz bilan bog‘layman.

Yana bir bor Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklashga hamda Turkmaniston doim O‘zbekiston yonida turishini, munosabatlarimiz zamiridagi bunyodkorlik maqsadlariga qat’iy amal qilishini ishontirib aytishga ijozat bergaysiz.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va farovonlik, O‘zbekiston yetakchiligida, ko‘p qirrali davlat va siyosiy faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Chuqur hurmat va katta ehtirom bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!