Shavkat Mirziyoyev qanday tashabbuslarni ilgari surmoqda?

Shavkat Mirziyoyev qanday tashabbuslarni ilgari surmoqda?

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta-to‘qimachilik yo‘nalishida ilgari surgan asosiy tashabbuslar:

- paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi;

- klasterlar paxta yetishtirish (paxta qiymatining 60 foizi) uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan 24 oyga kredit ajratilib, uning imtiyozli davri 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi;

- klasterlarga paxta terimini (paxta qiymatining 20 foizi) moliyalashtirish uchun ham Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi mablag‘laridan imtiyozli - 10 foiz stavkada kredit ajratiladi;

- paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar faqat klasterlar orqali moliyalashtiriladi;

- yakuniy hisob-kitob uchun (paxta qiymatining 20 foizi) olingan kredit foizining Markaziy bank stavkasidan (14 foiz) oshgan qismi Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek:

- klasterlarga biriktirilgan 1 mln gektar paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi xizmatlari, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun har bir gektarga 1 million so‘mdan grant ajratiladi;

- klasterlar tomonidan ip-kalavani chuqur qayta ishlash kelgusi 2 yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkaziladi;

- matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun korxona quvvatiga qarab davlat hisobidan moliyaviy grantlar ajratiladi;

- bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan stavkasi 4-5 foizdan oshmagan 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi;

- bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda ularning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalariga 3 yil muddatga ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 12 foiz o‘rniga 1 foiz qilib belgilanadi, mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari:

- kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga, kredit olishda paxta xom-ashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi;

- ochiq tanlov asosida barcha klasterlar bilan 30 yil muddatgacha alohida shartnoma tuziladi;

- klasterlarga o‘g‘it, yoqilg‘i va texnika xizmatlari kabi masalalarni mustaqil hal qilish va ularni to‘siqsiz import qilishga ruxsat beriladi;

- paxtachilik fermerlari yerining ijara shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bo‘shagan yerni qayta ijaraga berishda ushbu hududdagi klasterga tanlovda ustuvorlik beriladi;

- klasterlar faoliyatini tugatish Respublika komissiyasi xulosasi asosida faqat sud tartibida hal qilinadi.

- kelgusi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi;

- har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi;

- qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan g‘alla yetishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi;

- moliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma 2,5 million tonna g‘allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi;

- sotib olingan g‘alla donni saqlash quvvatlari mavjud g‘allachilik klasterlariga tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi;

- “O‘zdonmahsulot” tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g‘alla klasterlari tashkil etish uchun ular ochiq savdolarga chiqariladi;

- joriy yilda davlat zaxirasiga sotib olingan g‘alla hisobiga, klasterlarning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun har bir kilogramm bug‘doyga 350 so‘mdan ajratiladi.

- meva-sabzavotchilikda ham Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan klasterlarni imtiyozli kreditlash yo‘lga qo‘yiladi;

- klasterlarga aylanma mablag‘ uchun amaldagi 20-24 foizli tijorat kreditlari o‘rniga Jamg‘arma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi;

- kelgusi yildan sug‘urta kompaniyalari orasida meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash tizimi joriy etiladi;

- eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot klasterlari va fermerlarga sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi;

- past hosilli 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga tanlov asosida 1 gektardan ijaraga beriladi;

- “Har bir oila – tadbirkor” dasturi shartlari asosida 100 million so‘mgacha bo‘lgan kichik intensiv meva-sabzavotchilik loyihalariga kredit berish tartibi joriy etiladi;

- kreditlar meva uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil, sabzavotga 2 yil muddatga ajratiladi va garov ta’minoti talab etilmaydi;

- har bir viloyatdagi bittadan eng ilg‘or meva-sabzavot klasterlari bilan hamkorlikda mahsulotni saqlash, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida agrologistika markazlari barpo etiladi.

- qishloq xo‘jaligi uchun texnika sotib olishda kredit xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab beriladi;

- joriy yil hosilidan boshlab 3 yil davomida paxtani Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida mashinada terish xarajatining 30 foizi byudjetdan qoplab beriladi;

- import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi;

- chetdan olib kelingan texnikalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etiladi;

- lazerli tekislash uskunalari va don urug‘ seyalkalarini xarid qilish uchun kelgusi yilda 50 milliard so‘m subsidiya va bojxona imtiyozlari beriladi;

- yangi navlar maydonlarini kengaytirish orqali paxtada hosildorlikni 60 sentnergacha, g‘allada esa 80 sentnerga yetkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Shuningdek:

- fermer va klasterlarga, paxta hamda g‘allaning eng hosildor navlarini import qilish va mustaqil joylashtirishga ruxsat beriladi;

- “O‘zdonmahsulot” tizimidagi 20 ta urug‘lik don tayyorlash sexlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi Urug‘chilik markaziga o‘tkaziladi;

- suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar, tijorat banklari tomonidan kamida 5 yilga beriladi.

- subsidiya ajratish tizimi ham takomillashtiriladi. Jumladan, birinchi yili subsidiyaning 50 foizi berilib, hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab, kelgusi yili qolgan 50 foizi to‘lab beriladi;

- yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga uchinchi yilda yana 20 foiz subsidiya beriladi;

- suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatuvchi korxonalarning yagona elektron reestri joriy qilinadi.

Ayni paytda hokimlar va klaster rahbarlari yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan axborot bermoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!