Shavkat Mirziyoyev nomidan sahifa ochib, odamlardan pul undirgan firibgar qamaldi

Shavkat Mirziyoyev nomidan sahifa ochib, odamlardan pul undirgan firibgar qamaldi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga ochilgan soxta sahifadan foydalanib, firibgarlik holati sodir etib kelgan shaxsga sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati.

2021 yilning martida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida vaqtincha yashab kelgan surxondaryolik fuqaro Shavkat Mirziyoyev nomidan Facebook’da soxta profil ochgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ushbu profil orqali o‘zini O‘zbekiston Prezidenti administrasiyasi rahbari deb tanishtirib, fuqarolar bilan muloqotga kirishgan va turli masalalarda, xususan, uy-joy va bank kreditlari ajratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.

O‘z xizmati evaziga u bank plastik kartasiga 50 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha pul o‘tkazishni so‘ragan.

Toshkent viloyati IIBBning ma’lum qilishicha, mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, 1982 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasiga (firibgarlik) ko‘ra, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 3 yil internetdan foydalanishni cheklash jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!