Shaharning “yashil belbog‘i” yanada yashnaydi

Shaharning  “yashil belbog‘i”  yanada yashnaydi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan serquyosh diyorimizni yashillik olamiga burkash, o‘rmonzor, bog‘-rog‘lar, yashil maydonlar yaratish ishiga bel bog‘lab kirishilgani ayni muddaodir. Negaki, toza havo, salkin yo‘laklar, yam-yashil manzara, cheksiz mavo inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu xayrli va ezgu ishga qator mehnat jamolari qatori Samarkand tumani xal. ta’limi bo‘limi mutasaddilari, umumta’lim maktablarining o‘qituvchi murabbiylari, ishchi- xizmatchilar qatiy kirishishdi.

Bahriddin MARDONOV, Samarqand tuman XTB boshlig‘i:

– Shunday jannatmonand hududda yashayotganimizga ming bora shukr! Hech esimdan chiqmaydi, marhum jurnalist Ahmadjon Muxtorov “Bu shundayin unumdor tuproqki, dehqon ketmonini dalasida unutib qoldirsa, dastasi ko‘karib ketadi”, - deya ehtiros bilan yozganicha bor. Shunday zaminda ekmaslik, ko‘kartirmaslik, yaratmaslik uvol emas-mi?! Qoyil qolish kerak, prezidentimiz yana tashabbus bilan chiqib, bizni sergaklantirdi. Atrof-muhit musaffo bo‘lsa, so‘lim bo‘lsa, obi-hayot ham tejaladi... Muhimi, inson umri uzayadi.

Tumanimizda 54 ta umumta’lim maktablari faoliyat ko‘rsatadi. Bu tashabbusimizni barcha o‘qituvchi murabbiylarimiz, hatto faxriy muallimlar ham yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashdi. Hisob-kitob qilib chiqsak, mavjud maktablarimizda 15,5 gektarga yaqin bo‘sh maydonlar bor ekan. Ana shu maydonlarga oktyabr-noyabr oylarida belgilangan 13 ming 50 tup mevali va manzarali nihollar ekish ishlarini boshlab yubordik.

To‘g‘ri, bu daraxtlarning parvarishi, sug‘orish ishlari oxirigacha yetmay, nihollar qurib ketish holatlari ham kuzatiladi...

Albatta, ekilgan niholga o‘z farzandiday qarov ham kerak. Bu jihatlar inobatga olinib, mahallalarda yashovchi keksa bog‘bonu dehqonlarni ham maslahatga chorlayapmiz. Maktablarga yaqin hududda istiqomat qiluvchi tajribali agrar sohaning ustalari ishimizga bosh-qosh bo‘lmoqda. Nihol ekiliyotgan xandak chuqurroq qazilib, obi-hayotni saqlovchi jihatlarga e’tibor karatyapmiz. Avvalo, suv masalasi yechim topgan joylarda yashil maydonlar yaratilmoqda. Manzarali va mevali nihol qadalmoqda. Bu borada 1, 8, 13, 25, 33, 36 va 43 – umumta’lim maktablarimizda ish unumi ham, sifati ham ko‘ngildagiday bajarilmoqda.

Dildora SHUKUROVA, 1-umumta’lim maktabi direktori, xalq deputatlari Samarqand tumani kengashi deputati:

- Maktab sahni qancha fusunkor, manzarali va ko‘rkam bo‘lsa, o‘qituvchining ham, o‘quvchining ham, dargohga qadam ranjida etgan insonning ham bahri-dili ochiladi. Prezidentimiz o‘qituvchilarga yuksak e’tibor qaratmoqda. Sharoitlar yaratib bermoqda. Biz ham shunga munosib bo‘lishga kirishganmiz. Maktab jamoasi, ota-onalar, mahallamiz oqsoqollari prezidentimizni yashillik olamini yaratish haqidagi tashabbusini bajonu dil qarshi oldik. Maktabimiz hududi 1 gektarni tashkil etadi. Hozirgacha 6 sotixlik yashil maydonimiz bor edi. Anvoyi gullar, rayhon va turfa chechaklarni ko‘rib ko‘pchilik katta baho bergan, minnatdor bo‘lgan. Chamalab qarasak, maktab sport maydonchasi, stadion va yugurish yo‘lagi atrofini turfa daraxtlarga burkash imkonimiz bor ekan. Darsdan bo‘sh paytlarida har xil archa va sosna nihollari, olcha va olma, sliviya singari ko‘plab ko‘rkam manzara baxsh etuvchi nihollar ekishni boshlab yubordik. O‘quvchilarmizga mehnat darslaridan foydalanib, ekish sirlaridan ham saboq berilmoqda. Tabiatshunoslik tahsil satlari amaliy o‘tilayotgani ham yomon natija bermayapti.

Shaharning  “yashil belbogi”  yanada yashnaydi

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, tajribali olim Xidir Botirov largohga kelib, ishimizni nazorat qilib, yaqindan ko‘maklashmoqda. Bundan tashqari, samarqandlik qishloq xo‘jaligini yaxshi biladigan ajoyib olimlarimizni ham katta hasharga taklif etib, sohani o‘rganyapmiz. Ularning ta’kidlashicha, Yangi yilga qadar havoning iliq kunlaridan foydalanib qancha ko‘p nihol eksa, bahordagi ekinga ko‘ra bir yil parvarishdan yutsa bo‘larkan.

Shu kuz va bahorda ming tupga yaqin nihol ekib, ularni parvarishiga e’tibor qaratishga kelishib oldik. Muhimi, bizda sug‘orishda muammmo yo‘q.

Dilmurod DO‘STMURODOV, jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!