Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasida qoim bo‘lib, kunduzi ro‘za tutganlar bid’atchi bo‘ladimi!?

Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasida qoim bo‘lib, kunduzi ro‘za tutganlar bid’atchi bo‘ladimi!?

Fazoilul a’mol, targ‘ib va tarhib borasida o‘ta zaif bo‘lmagan hadislarga amal qilish

Ikki imom – Izz ibn Abdussalom va Ibn Daqiqil Iyd zaif hadis amal qilinishi uchun u dindagi umumiy qoida ostiga kirishi kerakligini shart qilganlar.

Baroat kechasida qoim bo‘lish va kunduzida nafl ro‘za tutishning asli bormi?

Ba’zilarning usul-qoidalarini ulamolarning gaplari muqobiliga qo‘yganimizda u e’tiborsiz bo‘lib qoladi.

Mashhur “Sunan” sohibi imom Abu Dovud rahmatullohi alayh: “Agar muhaddis biror bob borasida zaif hadisdan boshqasini topa olmasa, uni taxrij qiladi”, degan.

Ba’zilar ulamolar zaif hadisga amal qilganliklari uchun ularni haqoratlab, adashganlikda ayblaydilar. Ular o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni bid’atchilar, deyishadi.

Aslida-chi? Aslida ularning o‘zlari usulda ham, furu’da ham bid’atchidirlar. Ular o‘zlaridan boshqa biror kishi aytmagan gaplarni ham aytmoqdalar.

Mayli, faraz qilaylik, Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasida qoim bo‘lib, kunduzgi ro‘zasini tutish bo‘yicha biror zaif hadis ham, nabaviy buyruq ham kelmagan. Lekin muayyan bir kechaning qiyomi va kunduzining ro‘zasini (sunnat demagan holda) xoslab olgan kishi bid’atchi, Qur’on va sunnatga qarshi chiquvchi bo‘ladimi?!!

Agar shunday bo‘lsa, bunga biror ta’vilni ehtimol qilmaydigan ochiq-oydin bir dalil kerak. Bunday dalil esa hargiz topilmaydi.

Agar savolimizga: «Yo‘q, bunday emas», degan javob bo‘lsa, mana shu asli haqiqat va to‘g‘ridir. Bu bilan ular o‘zlariga qarshi o‘laroq, da’volarida bid’atchi ekanini tan olgan bo‘ladilar.

Imom G‘azzoliy “Ihyo ulumid din” asarining “Taomlanish odoblari” kitobida aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin paydo bo‘lgan har qanday ish ham qaytarilgan emas. Balki qaytarilgani sobit sunnatga zid va illati turgan shar’iy hukmni amaldan qoldiradigan bid’atdir. Hatto, ba’zi holatlarda agar sabablar o‘zgaradigan bo‘lsa, ba’zi amallarni yangitdan paydo qilish vojib bo‘lib qoladi».

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh Fathul Boriy asarida bunday deydi: “Masalaning asli shuki, agar yangi paydo qilingan ish shar’an yaxshi sanalgan biror asl-qoidaning ostiga kiradigan amallardan bo‘lsa, u hasanadir. Agar u shar’an qabih sanalgan biror asl-qoidaning ostiga kiradigan amallardan bo‘lsa, u yomondir. Ammo ikkisiga ham doxil bo‘lmasa, unda u besh qismli bid’atning muboh bo‘lgan turiga kiradi».

Imom Qurofiy Molikiy ustozi imom Izz ibn Abdussalomga ergashgan holda bid’at besh qismga bo‘linishini aytgan. Buni imom Shotibiy “I’tisom”da naql qilib keltirgan.

Abdulmajid Javzajoniy

Hadis va Islom tarixi kafedrasi o‘qituvchisi A. G‘iyosov tarjimasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!