Senat bir ko‘zidan ajralgan kitoblik bola ishini nazoratga oldi

Senat bir ko‘zidan ajralgan kitoblik bola ishini nazoratga oldi

Kun.uz saytida «Kitobda yolg‘iz o‘g‘il pichoqlandi va bir ko‘zidan ajraldi: zarar qoplanmadi, ish esa «bosti-bosti» qilindi» sarlavhasi ostida jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi.

Unga ko‘ra, 2020 yilning 2 mart kuni Kitob tumanida istiqomat qiluvchi voyaga yetmagan, 17 yoshli Shahzod Usmonov o‘zi uyida ijarada turgan xolavachchasi tomonidan hujumga uchrab, og‘ir tan jarohati olgani, holat Kitob tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchilari tomonidan noto‘g‘ri malakalanib, yarashuv kelishuvi tuzilib sudga oshirilgani, oqibatda jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar mutlaqo qoplanmasdan, hujum qilgan shaxs jazodan qutulib qolgani bayon etilgan edi.

Jurnalistik surishtiruvda bayon etilgan voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan mazkur holat bo‘yicha Kitob tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlarining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko‘rilishini va tegishli axborot taqdim etilishini so‘ragan.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyat sudi mutasaddilari tomonidan jinoyat ishi xolisona ko‘rilishi, moddiy jihatdan qiynalgan oilaga adolat negizida qaror qabul qilinishini nazoratga olish ham so‘raladi.

«Shuningdek, ushbu holat Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi», — deyiladi munosabatda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!