«Sen qo‘rqoq va noshudsan». Zlatan Ibragimovich va Xosep Gvardiola o‘rtasidagi mojaro tarixi

«Sen qo‘rqoq va noshudsan». Zlatan Ibragimovich va Xosep Gvardiola o‘rtasidagi mojaro tarixi

Hozirda karantin cheklovlari tufayli ba’zi mamlakatlarning Buyuk Britaniyaga kirishi taqiqlangan. Shu sababli ingliz klublari ishtirokidagi xalqaro o‘yinlar neytral maydonlarda o‘tkazilmoqda. Xususan, «Arsenal» (Evropa Ligasi) Rimda, «Manchester Yunayted» (Chempionlar Ligasi) Turinda, «Liverpul» esa (Chempionlar Ligasi) Budapeshtda o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Xuddi shunga o‘xshash holat 2010 yilda ham qayd etilgandi. O‘shanda ham tashqi ta’sirlar o‘yin atrofidagi vaziyatga xalaqit bergandi. Biroq u vaqt koronavirus pandemiyasi emas, balki Islandiyadagi Eyyafyadlayyokyudl vulqoni harakatga kelgandi. O‘shanda Joze Mourinyoning «Inter»i Chempionlar Ligasi yarim finalida Xosep Gvardiola «Barselona»si bilan bahsga kirishi lozim edi. Kataloniyaliklar vulqon otilishi natijasida kelib chiqqan quyuq tutun tufayli Milanga avtobusda borishga majbur bo‘ladi. O‘sha o‘yindan keyin Zlatan Ibragimovich Gvardiolani haqorat qiladi, «Barselona» esa yana bir bor tarixga kirish imkoniyatidan mosuvo bo‘ladi.

Zlatanning 70 millionlik transferi

Ushbu yarim final o‘yinidan oldin jamoalar guruh bosqichida ham to‘qnash kelgandi: Milanda durang qayd etilgan bo‘lsa, Kataloniyada «ko‘k-anorranglilar»ning qo‘li baland keladi.

Garchi tarkibida Eto’O, Milito va Sneyder kabi futbolchilar bo‘lgan Mourinyo jamoasi A Seriyada ustunlik qilayotgan bo‘lsa ham guruh bosqichi natijalariga ko‘ra katalonlar uchrashuvning favoriti edi. Qolaversa, mavsum boshida «Inter» yo‘qotishga duch kelgandi. «Barselona» «Real»ning Krishtianu Ronalduni sotib olganiga javoban Ibragimovichni «Inter»dan qariyb 70 million yevro evaziga sotib olgandi.

«U o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng kiyinish xonasiga kirdi va Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish uchun ketishi kerakligini aytdi», — degandi Mourinyo o‘shanda futbolchining ketishi haqida.

Ibragimovichning «Barselona»dagi muammolari

«Barselona»da Ibragimovichning ishlari yurishmadi. U va Gvardiola murosaga kelishi qiyin kechadi (Ibragimovich bu mojarolar haqida «Men — Zlatanman» nomli avtobiografik kitobida batafsil hikoya qilgan). Pep Messini markazga o‘tkazadi, Zlatan esa bundan norozi bo‘ladi va nima uchun o‘ynamayotganini bilish uchun rahbariyatga murojaat qiladi. Ammo bu yordam bermaydi, balki aksincha vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Gvardiola Zlatanga e’tibor bermay qo‘yadi, uchrashib qolgan vaqtlarda esa qo‘l bermaydi va ochiqchasiga u tarafga qaramaslikka odatlanadi.

«Kiyinish xonasida o‘zimni tashlandiq odamdek his qilardim, Gvardiola esa menga biron bir g‘alati buyumga qaragandek nazar tashlardi», — deya eslagandi futbolchi. Hatto ular bu masalada Tyerri Anri bilan o‘zaro hazillashib ham turgan:

— Ey, Zlatan, u bugun sen tomonga qaradimi?

— Yo‘q, men uni orqasidan ko‘rdim.

— Tabriklayman, ishlar yaxshilanmoqda.

Aytishlaricha, Pep hozir ham futbolchilar bilan gaplashmaydi, ammo uning qaysidir futbolchini shunchaki e’tiborsiz qoldirishi kutilmagan holatdir. Umuman olganda, Ibragimovich yomon harakat qilmagandi — mavsum davomida 16 ta gol va 8 ta golli uzatma. «Arsenal»ga qarshi chorak final o‘yinida dubl qayd etgan bo‘lsa, o‘zining birinchi «El-Klasiko»sida g‘alaba to‘pini kiritadi.

Vulqon va 16 soatlik yo‘l azobi

Ana shunday kayfiyatda jamoa «Inter» bilan dastlabki yarim final uchrashuvini o‘tkazish uchun Milanga borishi kerak edi. Ammo vulqon otilishi tufayli Yevropada ma’lum vaqtga aviaparvozlar to‘xtatib qo‘yiladi. «Barselona» Italiyaga avtobusda borishga qaror qiladi, bu 16 soatni olardi.

Ibragimovich ushbu «sayohat»ni boshqacha eslaydi: «Avtobusda borishga majbur bo‘ldik. Ushbu sayohat tom ma’noda falokatga aylandi. Bu 16 soat davom etdi, Milanga yetib borganimizda barchamiz haddan tashqari charchagandik».

Shu tariqa «Barselona» qiyin ahvolga tushib qoladi: uzoq yo‘l, o‘z uydagi tetik raqib, italiyalik muxlislar va ichki nizolar. Natijada, «Inter» 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi, 60-daqiqada esa Zlatan almashtiriladi. «Barselona» finalga chiqish uchun ayni paytda «Kamp Nou»dagi javob uchrashuvida kamida 2 ta gol urishi kerak edi.

Pep javob uchrashuvida ham Zlatanni asosiy tarkibga kiritadi, boisi hal qiluvchi o‘yinlarda u odatda yaxshi harakat qilardi, shuning uchun bir amallab chidab turish mumkin edi. Uchrashuvning 25-daqiqasida «Inter» a’zosi Tiago Motta maydondan chetlatiladi. Shundan so‘ng Gvardiola sxemani o‘zgartirish uchun Ibragimovichni yoniga chaqiradi. Shu paytda ularning yonida Mourinyo paydo bo‘ladi va ispaniyalikning qulog‘iga nimadir deb shivirlaydi.

«Men uning yoniga borib: Oldindan bayram qilma, o‘yin hali yakuniga yetgani yo‘q, dedim», — eslagandi Joze ancha yillardan keyin.

«Barselona» «Inter» darvozasiga samarasiz hujumlar uyushtirdi. Ibra yana 63-daqiqada zaxiraga olindi. O‘yin tugashiga yetti daqiqa qolganida Pike milanliklar darvozasini ishg‘ol etadi, ammo juda kech edi. «Inter» esa intizomli himoyasi bilan finalgacha yetib boradi va u yerda «Bavariya»ni 2:0 hisobida mag‘lub etadi.

Ibragimovich birorta ham gol urolmagan yarim final o‘yinlaridan so‘ng murabbiy unga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Shu tariqa Zlatan «Vilyarreal»ga qarshi navbatdagi o‘yinda zaxirada qoladi va bor-yo‘g‘i besh daqiqaga maydonga chiqadi. Endigi faollashish navbati «Shvesiya vulqoni»ga kelgandi. O‘yindan so‘ng darg‘azab Ibragimovich kiyinish xonasiga kirib, Gvardiolaga hamla qiladi. Zlatanning o‘zi sodir bo‘lgan voqeani quyidagicha tasvirlab bergandi: «Mening asosiy dushmanim kiyinish xonasida taqir boshini ishqalab turardi. O‘shanda ko‘zimga katta metall shkaf ko‘rindi. Men shkafni tepdim va Gvardiolaga baqirdim: Sen qo‘rqoqsan, Mourinyoga yutqazding, uning oldida qanchalik noshud ekanligingni ko‘rsatding». Ispaniyalik esa shkafni joyiga qo‘yib, xonadan chiqib ketadi.

Agar o‘sha Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonilgan taqdirda «Barselona» ketma-ket uch marta musobaqada g‘alaba qozongan ilk jamoaga aylanardi (2009, 2010 va 2011 yillarda) va bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Real»ni 7 yilga ortda qoldirgan bo‘lardi. Kiyinish xonasida sodir bo‘lgan voqeadan bir qancha vaqt o‘tgach Pep Zlatanga boshqa uning xizmatlariga ehtiyoj sezmasligini aytadi. Uning o‘rniga «Valensiya»dan David Vilya keladi. Shved esa «Milan»ga yo‘l oladi — avval ijara, keyinchalik esa to‘laqonli asosda.

Ehtimol, «Barselona» avtobusda uzoq vaqt yurgani uchungina «Inter»ga yutqazmagandir, Zlatan va Gvardiola esa baribir qachondir janjallashgan bo‘lardi. Ammo bularning barchasiga qaysidir ma’noda vulqon otilishi ta’sir ko‘rsatgani haqida o‘ylash juda qiziq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!