«Sen Haqning g‘azabiga uchraysan...»

«Sen Haqning g‘azabiga uchraysan...»

"Holingga voy bo‘lsin! O‘zing sabrsiz bo‘la turib, boshqalarni sabrga qanday chaqirasan? O‘zing ne’matlarga shukr qilishni tark qilgan holda, boshqani qanday shukrga chorlaysan? O‘zing norozi holda, qanday qilib boshqalarni taqdirga rozi bo‘lishga chaqirasan? O‘zing dunyoga rag‘bat qo‘ygan bo‘la turib, boshqalarni dunyo muhabbatidan yuz o‘girishga qanday buyurasan? O‘zing, oxiratdan yuz o‘girgan, boshqalarga suyangan holingda, boshqalarni oxiratga yuzlanish va faqatgina Allohga tavakkal qilishga qanday da’vat etasan???

Sen Haqning g‘azabiga uchraysan. Maloikalar va solih bandalarning nafratiga duchor bo‘lib ulgurgansan...

«Nasibangni birov yeya olmaydi!»

Mo‘minning uch xil ko‘zi bor

Yuqorini ko‘zlaysanu, ammo martabang tushaveradi...

Bilib qo‘yki, turgan-bitganing dunyo muhabbati, turgan-bitganing munofiqlikdir. Alloh nazdida pashshaning qanotichalik ham qadring yo‘qligi shubhasiz. Sen bu ketishda, munofiqlar bilan birga do‘zaxning eng tubidan joy olasan!"

Abdulqodir Jiyloniy q.s.

Bu hikmat bizning yuzimizga tutilgan oynadek go‘yo. Dinni o‘rganib, oyatu hadislarni o‘qib - o‘rganyapmizu, lekin buni xuddi kasbdek qilib olmoqdamiz. Hayot tarzimiz, oilamiz Qur‘oniy ko‘rsatmalar va nabaviy yo‘llardan uzoq bo‘lib ketgan. O‘z hayotimizga tatbiq qilmay turib din ahkomlarini boshqalarga o‘rgatishga ustamiz. Sabr, shukr, taqdirga rozilik, Allohgagina tavakkal qilish va shunga o‘xshash mavzularda mav‘izalar qilamiz, maqola va kitoblar yozamiz, odamlarni shunga chorlaymiz. Ammo bu xislatlarning birontasi o‘zimizda topilmaydi. Qalbimizda kimlargadir nisbatan gina-kudurat haligacha saqlanib qolgan va imkon bo‘lganda shuni chiqarishga, undan o‘ch olishga harakat qilamiz. Lekin bu ishimizga ham shar’iy tus beramiz. O‘qib - o‘rganmasdan, o‘zimizcha "hamma mani og‘zimga qarab turibdiku, nimadir deyishim yoki yozishim kerak" deb, o‘zimiz ishongan va bizni qo‘llab quvvatlayotganlarni rozi qilish uchun, go‘yoki Allohgagina tavakkal qilgan, Uning yo‘lidagi muhojir yoki mujohid singari bir nimalar deb jamiyatning aybini ochamiz va bu bilan boshqalarni malomat qilamiz. Aslida nafsimizning yana bir talabini ado qilayotgan bo‘lamiz. Muhandis yoki tikuvchiga o‘xshaymiz. Din bilan yashamaymiz. Balki, undan kerakli paytda, o‘z manfaatimiz uchun foydalanamiz. Ba’zida esa, "dinni faqatgina men to‘g‘ri tushunganman, boshqa hamma johil bo‘lgan" degan ma‘noda yo‘l tutamiz. "Dinga da’vat" nomi ostida, hammani botilga, adashganga chiqarib, faqat o‘zimizni haq ko‘rsatishga, buning ortidan kelib chiqadigan har qanday salbiy oqibatlarlarni xursandchilik bilan kutib oladigan darajada past ketishga tayyorligimizni namoyish qilamiz. Aslida biz yolg‘onchimiz, riyokormiz. Allohdan qo‘rqmay ilmsizlarcha Uning nomidan, Uning dinidan gapiramiz.

Eng avvalo, insonni har taraflama iyjobiy qilib yetishtiradigan muqaddas ISLOM dini bizni shunday yuzaki yoki janjalkash va murosasiz musulmon bo‘lishimizni xoxlaganmidi? Yo‘q, biz o‘z dinimizni o‘rganishda va unga amal qilishda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz. O‘zimizni ilm ahlidan ko‘rsatib hammani buzyapmiz, tosh kabi qalbimizni sof qilib ko‘rsatishga urinmoqdamiz. Avvalo o‘zimizni isloh qilaylik, azizlar. Bizdan so‘rashmadimi, demak, Alloh bizni bir hisob - kitobdan qutqardi deya xursand bo‘lib, ilm va boshqa ishlarimiz bilan mashg‘ul bo‘laylik. Birovning xatosini ko‘rib, uni dunyoga yoyib, oddiy xalqning boshini aylantirib rohat qiladigan munofiqlardan bo‘lmaylik. Ilmimiz yetmagan narsaga aralashmaylik. Bitta ikkita olimning gapini o‘qib olgan johil olim bo‘lib qolmaydi.

Alloh qalblarimizni va holimizni isloh qilsin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!