Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjudmi?

Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjudmi?

O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiq, mamlakat fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Teng saylov huquqi, saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

2019 yil 25 iyun kuni mamlakat ijtimoiy –siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan saylovlarni o‘tkazishning bosh taomili- O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksi qabul qilindi. Ushbu kodeksning huquqiy ahamiyati shundan iboratki, saylov tizimini isloh qilish, uning yo‘nalishini o‘zgartirish bilan bog‘liq normalar kiritildi. Mazkur kodeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xohish-irodasi erkin bildirilishini ta’minlovchi kafolatlarini belgilaydi.

Endi savolga to‘xtalsak, mamlakatimizda saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilganmi?

O‘zbekiston Respublikasida ham saylovchilarga saylov huquqi taqdim etilishi bilan bir qatorda ularning ushbu huquqlariga daxl qilganlik, saylov to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Jumladan, Saylov kodeksi 103-moddasida saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning V1 bobida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga binoan Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashganlik uchun, ularning qarorlarini ijro etmaganlik uchun, nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun, saylovoldi tashviqotini, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzganlik uchun, nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlik va boshqalar uchun javobgarlik mavjud.

Shuningdek, qonunchilikda saylov huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Amaldagi Jinoyat kodeksining 146-moddasiga asosan, saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun, 147-moddasiga asosan esa, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Abdurasul Minojiddinov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!