"Samosud"ni targ‘ib qilgan Toshkentdagi masjid imomi lavozimidan ozod etildi

"Samosud"ni targ‘ib qilgan Toshkentdagi masjid imomi lavozimidan ozod etildi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uch tepa tumani “Aziz ota” jome masjidi imom noibi vazifasida ishlab kelgan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zboshimchalik ila keskin chiqishi fuqarolarning bahs-munozalariga sabab bo‘lmoqda.

Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali imomlik maqomi va amaldagi qonun-qoidalarga e’tibor qilmay, go‘yoki Islom dini samosud qilishga chaqirishi to‘g‘risidagi qarashlari aslida dinimiz ta’limotiga zid va voqelikka nisbatan O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini ifoda etmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi har qanday chiqishlarni qat’iy qoralaydi hamda ularni qonunchilik talablariga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lishga va to‘la rioya etishga chaqiradi.

Qayd etish lozimki, diniy idoraning avval qabul qilingan va ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarida masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar amaldagi qonunchilik, odob-axloq qoidalari, mehnat majburiyatlariga amal qilish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida diniy asosda adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatmaslik, noxolis va salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqish qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2022 yil 13 sentyabr kuni chiqarilgan 01/A 128-sonli buyruqda ham diniy soha vakillarining masjidlar va diniy marosimlarda, Internet tarmog‘idagi chiqishlarida ijtimoiy beqarorlikka, milliy yoki diniy asosda nizo keltirib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatmaslik alohida ta’kidlangan edi.

Afsuski, yuqoridagi talablarga qaramay, Vohidov Mirsobit o‘z chiqishida huquqiy-me’riy hujjatlar talablarini buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlaridagi talablarga rioya etmadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Odob-axloq komissiyasi tomonidan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishi, shuningdek, diniy idora ichki me’yoriy hujjatlari talablarini qo‘pol ravishda buzgani hamda amaldagi qonunchilikka hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2022 yil 19 sentyabr kungi buyrug‘i bilan Vohidov Mirsobit bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi hamda uni egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yil 30 noyabrdagi “Jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarni tartibga solish bo‘yicha” 01A/ 198-sonli buyrug‘iga barcha imom-xatib va imom noiblar tomonidan qat’iy amal qilinishi to‘g‘risida ko‘rsatma xati joylardagi vakilliklarga yo‘llandi. Buyruqning mazmun-mohiyati yuzasidan hududlarda diniy soha xodimlari ishtirokida takroran tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu imom noibi chiqishi turlicha talqin qilinayotganidan kelib chiqib ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasining jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomligini ta’minlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli faoliyatiga ba’zida uchrab turgan bunday kaltabin chiqishlar soya solmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bugun axborot makonida diniy yo‘nalishida kuzatilayotgan murakkab sharoit va turli xurujlar davrida barcha imom-xatiblar, noiblar va tizim vakillariga aholi orasida ma’rifiy Islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish, tinchlik-osoyishtalik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, millatlar va elatlar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni, fuqarolar orasida o‘zaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash hamda amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya etishni faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari ekanini yana bir bor eslatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!