Samarqandda o‘zi va uch bolasini suvga tashlagan ayol qamoqqa olindi

Samarqandda o‘zi va uch bolasini suvga tashlagan ayol qamoqqa olindi

3 noyabrda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida o‘zi va yosh farzandlarini «Darg‘om» kanaliga tashlagan 26 yoshli ayolning bolasining murdasi oradan 10 kun o‘tib, kanal qirg‘og‘idan topildi. Samarqand viloyat prokuraturasi ayolga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilganini ma’lum qildi.

Avvalroq, 1 noyabr kuni Samarqand tumanida 26 yoshli ayol qaynonasiga «achchiq qilib», o‘zi va bolalarini suvga tashlagani, oqibatda bolalarning ikki nafari halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Voqeadan so‘ng viloyat IIB boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda «mahalla mutasaddilarining faoliyati qoniqarsiz» deb baholangandi.

Ayol qaynonasi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.

3 noyabr kuni u voyaga yetmagan qizini onasining uyidan, o‘g‘illarini esa bog‘chadan olib chiqib, Samarqand tumani «Yangiariq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Darg‘om» kanalining oldiga kelgan. O‘zi va farzandlarini o‘ldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan vaqtida «Oq-amur» nomli oshxonada yollanma ishchi bo‘lib ishlovchi fuqarolar ayol va uning 2 farzandini suvdan chiqarib olgan, biroq bir farzand voqea joyida vafot etgan.

13 noyabr kuni ayolning voyaga yetmagan farzandining murdasi «Darg‘om» kanalining qirg‘og‘idan topilgan.

Holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlandi. Hozirda Samarqand viloyati prokuraturasi dastlabki tergov harakatlarini olib boryapti, deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!