Samarqandda to‘rt yigit ularning ayol qarindoshiga birga bo‘lishni taklif qilgan erkakni o‘ldirib, jasadini kanalga oqizib yubordi

Samarqandda to‘rt yigit ularning ayol qarindoshiga birga bo‘lishni taklif qilgan erkakni o‘ldirib, jasadini kanalga oqizib yubordi

 

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida to‘rt yigit qarindosh ayoliga telefon qilib, sevgi izhor qilgan erkakni kaltaklab, o‘ldirib qo‘ydi, deya xabar qilmoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur tumanda yashovchi F.M.ga (ism-sharif o‘zgartirilgan) notanish erkak telefon qilib, uni yoqtirib qolganini va u bilan uchrashish niyatida ekanini aytgan. Bundan g‘azablangan ayol bo‘lgan voqeani qaynukasiga aytib bergan.

Kechqurun ayolning 3 nafar qaynukasi va ukasi yig‘ilib, qo‘shni qishloqda yashovchi erkakni jazolashni reja qiladi. Ular F.M.ga erkakka telefon qilib, eski bog‘cha binosiga uchrashuv belgilashni aytadi va uchrashuvga borib, uni do‘pposlamoqchi bo‘ladi.

Erkak uchrashuv joyiga yetib borganda 4 yigit uni belkurak dastasi bilan kaltaklaydi. Yerga yiqilgan erkakni yigitlardan biri ayollar ro‘moli bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi. Erkakning o‘lib qolganini bilgan yigitlar uning jasadini Narpay kanaliga oqizib yuboradi.

Tez fursatda yigitlar qilgan jinoyat fosh etildi. Erkakni o‘ldirgan yigitlar tergov va sud jarayonida aybini to‘liq tan oldi.

Sud ularni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j», «p» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish) va 267-moddasi 2-qismi «b» bandida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatlarni qasddan sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Ta’kidlanishicha, sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda ularning jinoiy qilmishni sodir etishdagi ishtirokchilik darajasi hisobga olingan. Sud hukmiga asosan, F.M.ning ukasi o‘n sakkiz yil olti oy, uch qaynuka esa o‘n olti yil, o‘n besh yil uch oy hamda o‘n uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Bundan avval Samarqanddagi savdo majmuasida xotini va uning jazmanini pichoqlagan erkak 22 yilga qamalgani, Andijonda sobiq turmush o‘rtog‘i va qaynotasini pichoqlab o‘ldirgan erkak qo‘lga olingani hamda farg‘onalik erkak homilador xotini va qaynotasini chopib tashlagani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!