Samarqandda mashinani YPX xodimi ustiga haydagan haydovchi qamoqqa olindi

Samarqand viloyati IIB YHXB xabariga ko‘ra, joriy yil 31 yanvar kuni Samarqand shahar Buyuk Upak yo‘li ko‘chasida xizmat faoliyatini olib borayotgan yo‘l-patrul xizmat xodimi tomonidan shu yo‘nalish bo‘ylab davlat raqam belgisiz, Onix haydovchisiga sezilarli va hushtak yordamida to‘xtash ishorasi berilgan.
Lekin, haydovchi o‘zi va o‘zgalar hayotiga xavf tug‘dirib, yo‘l-patrul xizmati xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, uninn ustiga haydab tan jarohatlari yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
"Kechki soat sakkizlarda uyga Payariqdan o‘z avtomobilim bilan qaytayotgandim. Mikrorayon tomonidan kelayotgan vaqtimda xodim turgan ekan. Xodimi to‘xtatganiga to‘xtadim, mashinadan tush deganlariga tushmadim, haydab ketdim. To‘xtamasdan GAI xodimi kapotning ustiga qo‘llarini tashlab ushlab qoldilar, odamlar signal berdi, umuman eshitmadim ham. Qilgan ishimni takrorlamayman, iltimos, kechiringlar meni", - deydi haydovchi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 140-moddasi uchinchi qismi va 219-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi prosessual tartibda ushlanib, qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llanilgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.