Samarqandda kechqurun YPX xodimlari avtobuslarni to‘xtatishdi. Nega?

Samarqandda kechqurun YPX xodimlari avtobuslarni to‘xtatishdi. Nega?

Ijtimoiy tarmoqda “Avtobuslarimizni sababsiz to‘xtatib qo‘yishdi. Yo‘lovchilar sarson bo‘lmoqda” mazmunida videolavha tarqaldi.

Avtobus haydovchilari 22:00 dan so‘ng yo‘lovchilar bilan uzoq masofaga harakatlanishga haqlimi?

So‘nggi vaqtlarda yurtimizda sodir etilayotgan og‘ir oqibatli, inson o‘limi bilan bog‘liq, yo‘l-transport hodisalari ko‘plab sodir etilmoqda, ayniqsa yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan avtobus va mikroavtobuslar yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi ko‘paymoqda.

Masalan, 31 iyul kuni soat 01:45 larda Kattaqo‘rg‘on tumani “Alijon” mahallasi hududidan o‘tuvchi “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” M-37 avtomobil yo‘lining 71 km.da, “YUTONG” rusumli avtobus “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishida ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosiped boshqarib kelayotgan shaxsni urib yubormaslik maqsadida, avtobusni o‘ng tarafga yo‘nalishini o‘zgartirib, boshqaruvni yo‘qotib, ag‘darilib ketgan. Natijada avtobus ichida bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi vafot etgan.

Kelgusida bu kabi yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishini oldini olish maqsadida, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtobuslarning «Yo‘l harakati qoidalari» talablariga to‘liq rioya etishi yuzasidan targ‘ibot tadbirlari hamda kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘tkazilayotgan tadbirlarida haydovchilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 maydagi 424-sonli Qarori talablari bo‘yicha tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda yo‘lovchilarni soat 22.00 dan soat 05.00 gacha (noyabr-fevral oylarida soat 21.00 dan soat 06.00 gacha) tashishlari taqiqlanganligi to‘g‘risida ogohlantirilib kelinmoqda.

04 avgust kuni 22:00 dan so‘ng, Samarqand viloyatining “Yuqori nuqta” YPX maskanida ham mazkur talablarni qo‘pol ravishda buzib kelayotgan bir nechta avtobus haydovchilari to‘xtatilib, ularga o‘rnatilgan me’yorlar bo‘yicha tushuntirishlar berilganiga qaramay, haydovchilar turli bahonalarni vaj qilib, YPX inspektorlaridan harakatni davom ettirishni so‘rashgan. Qoidalarni buzgani yetmaganidek, avtobusdagi yo‘lovchilarga mazkur holatni to‘g‘ri tushuntirish o‘rniga baqir-chaqir qilishga da’vat qilishgan. YPX inspektorlari tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarga o‘rnatilgan me’yorlar yana bir-bor tushuntirilib, avtobuslar yo‘lning chetki qismiga, xavfsiz hududga joylashtirilib, ertalab 05:00 dan so‘ng harakatlanishiga ruxsat berilgan. Manziliga shoshayotgan ayrim yo‘lovchilar yengil mashinalarga mindirilib kuzatib yuborilgan bo‘lsa, ayrimlari avtobus ichida tunab qolishni ma’qul ko‘rishgan.

Endi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan holatga bahoni o‘zingiz bering. Nahotki shu haydovchilar qoidalarni bila turib, uzoq masofaga harakatlanadigan ko‘plab fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘yishsa?! Yana ularni sarson qilishsa, holatga qanday izoh berish mumkin?!

Shu o‘rinda avtobus haydovchilariga murojaat qilib, belgilangan qoidalarga rioya qilishga chaqiramiz.

O‘zingiz va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymang!

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!