Samarqandda g‘olibga eski noutbuk berilishi ortidan yana bir mutasaddi ishdan bo‘shatildi

Samarqandda g‘olibga eski noutbuk berilishi ortidan yana bir mutasaddi ishdan bo‘shatildi

Samarqandda «1 million dasturchi» IT tanlovi g‘olibi bo‘lgan maktab o‘quvchisiga ishlatilgan noutbuk berilgani to‘g‘risidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida tuman hokimi o‘rinbosariga hayfsan berilgan, tuman XTB mutaxassisi ishdan olingandi.

Kun.uzning xabar berishicha, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyev ham ishdan ketgan. Viloyat XTB mudirasi Zebuniso Shodiyeva tomonidan bugun, 18 yanvar kuni imzolangan buyruqqa ko‘ra, boshqarmaning pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘basi mudiri Xurshid G‘oziyev o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan.

Garchi X.G‘oziyev «o‘z arizasiga ko‘ra» ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa-da, uning bo‘shatilishiga 17 yanvar kuni bir guruh blogerlar va jurnalistlarga qarata aytgan gaplari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Samarqandda g‘olibga eski noutbuk berilishi ortidan yana bir mutasaddi ishdan bo‘shatildi

«Biz bunaqa yo‘nalishni tanlamasligimiz kerak. Har bitta ota-onaga, boshqa jurnalist va blogerlarga tavsiyam: bolaga ertaga o‘zingni haqqingni talab qil, mana bunaqa ishlarni amalga oshir emas, yaxshi-yaxshi yo‘llarni o‘rgatsak, ular kelajakda o‘z o‘rnini topib ketadi. Bunaqangi yo‘l bilan haqqini ajratib olishni men to‘g‘ri deb o‘ylamayman», degan X.G‘oziyev kamera qarshisida.

Uning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aksariyat odamlar uning bu gaplariga e’tiroz bildirishdi va uning sha’niga tanqidlar yog‘dirishdi.

Ma’lumot uchun, Sardor Sattorovga eski noutbuk berilishi ortidan Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, Nurobod tumani XTB ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish sho‘basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, mazkur voqea sababli Nurobod tumani hokimining o‘rinbosari va XTB mudiri ham lavozimidan ozod qilinishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!