Saida Mirziyoyeva "zamdekan" va talaba qiz mojarosiga munosabat bildirdi

Saida Mirziyoyeva "zamdekan" va talaba qiz mojarosiga munosabat bildirdi

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Nizomiy nomidagi TDPUda yuz bergan ko‘ngilsiz holatga munosabat bildirdi.

"OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) - jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir.

Bu haqda Nemolchi.uz internet OAV xabar qildi.

Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati - katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va ceksizimga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman.

Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq taz’yiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergovni “yopti-yopti” qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?
Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.

Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeini suiste’mol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!