Sadir Japarov qirg‘izistonliklarga oltin olishni maslahat berdi

Sadir Japarov qirg‘izistonliklarga oltin olishni maslahat berdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari va Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar tufayli “birdan keskinlashgan xalqaro vaziyat va jahon bozorlaridagi vaziyat” munosabati bilan xalqqa murojaat yo‘lladi.

U qirg‘iz xalqini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga va jamg‘armalarini oltin sotib olishga sarflashga chaqirdi.

“Mamlakatimiz yoqilg‘i narxining sezilarli darajada oshishi sababli qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Un va boshqa don mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshdi. Bularning barchasi iqtisodiyotimiz hali ham koronavirus pandemiyasidan tiklanmagan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Balki yaqin kelajakda milliy valyutamizga nisbatan bosim kuchayishi mumkin. Xalqaro vaziyat xorijda ishlayotgan vatandoshlarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, – deb yozdi Japarov Feysbukdagi sahifasida.

U Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi tomonidan Inqirozga qarshi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgani, tashqi ta’sirlarning respublika fuqarolariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha maxsus choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

“Bugungi kunda eng muhimi, butun aholi uchun ham, har bir oila uchun ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdir. Shuning uchun hozir birorta dala ekinsiz qolmasligi uchun hamma narsani qilyapmiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zimizda ishlab chiqarish va ularni keyinchalik qayta ishlashni sezilarli darajada oshirishimiz kerak. Har bir tomchi suv qadrli, biz hozirda kanal va ariqlarni tozalash, namlikni tejash uchun barcha zarur mablag‘larni ajratdik”, – dedi Qirg‘iziston rahbari.

Japarov, shuningdek, fuqarolarga omonatlarini saqlab qolish uchun oltin quymalar sotib olishni tavsiya qilib, oltin qadrsizlanmasligini aytdi.

“Biz oltin yombilarni istalgan miqdorda sotib olish tartibini soddalashtirdik. Har qanday valyutaning qiymati doimiy ravishda pasayib boradi. Faqat oltinimizning narxi oshib bormoqda. Shu bois puli bor fuqarolarimiz milliy bankdan 1 grammdan 13 kilogrammgacha bo‘lgan oltin yombilarni istalgan miqdorda xarid qilishlari mumkin. Chet elga eksport qilish uchun hech qanday cheklovlar yo‘q va hech qanday to‘lov olinmaydi. Biz shunday sharoitlarni yaratdik. Kapitalingizni qog‘oz pul o‘rniga oltin bilan yaxshiroq saqlang”, – deya taklif qildi prezident.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!