Saakashvili qamoqxona kasalxonasiga o‘tishdan bosh tortdi

 Saakashvili qamoqxona kasalxonasiga o‘tishdan bosh tortdi

Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Lyudmila Denisova Gruziyaning sobiq prezidenti, hibsdagi Mixail Saakashvili bilan uchrashganidan so‘ng uning qamoqxona kasalxonasiga ko‘chib o‘tishdan bosh tortganini, chunki u yerni xavfsiz deb hisoblamasligini aytdi

«U qamoqxonaning koloniyada joylashgan kasalxonasiga o‘tmaydi. Saakashvili u yerni hayoti uchun xavfli deb hisoblaydi», — dedi Denisova tashrifdan so‘ng jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun-erta ukrainalik shifokor siyosatchini ko‘rikdan o‘tkazish uchun qamoqxonaga tashrif buyuradi. «Uchrashuvimizdan so‘ng Saakashvili shifokor bilan uchrashadi, shuning uchun biz hali tahlil natijalarini bilmaymiz, lekin bizda ukrainalik shifokor bor va umid qilamanki, bugun yoki ertaga ertalab u ham Mixailni ko‘rgani keladi», — dedi Denisova.

«Gruziya Adliya vazirligining maxsus jazoni ijro etish xizmati VivaMedi tibbiyot markazi bilan maxsus shartnoma tuzganini hisobga olgan holda, men zarurat tug‘ilganda olib o‘tish haqida ariza beraman. Shunday zarurat bo‘lganda Saakashvili unga yordam ko‘rsatilishi uchun ushbu xususiy markazga o‘tkaziladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina ombudsmani, shuningdek, Saakashvili Gruziyada qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasligini aytdi. «U bugun hayoti so‘roq ostida ekanini, o‘zini Putinning asiri deb bilishini va eng muhimi, Ukrainaga yomonlik qilishga, Gruziyada qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasligini aytmoqda», — dedi Denisova.

Gruziyada hibsda saqlanayotgan Saakashvili norozilik sifatida 27 kundan beri o‘zi e’lon qilgan ochlikni davom ettirmoqda, shu bilan birga u tibbiy yordamni rad etmayapti. Gruziya Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan tuzilgan shifokorlar kengashi Saakashvilining sog‘lig‘i yomonlashgan taqdirda uni ko‘p tarmoqli klinikaga yotqizishni tavsiya qildi. Sobiq prezidentning advokatlari uni odatda mahbuslar davolanish uchun olib ketiladigan VivaMedi xususiy klinikasiga o‘tkazishni talab qilmoqda.

Avvalroq Gruziya ombudsmani Nino Lomjariya Saakashviliga qamoqxona shifoxonasi mos kelmasligini aytgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!