Rossiyada yangi holatlar bo‘yicha pandemiya rekordi yangilandi

Rossiyada yangi holatlar bo‘yicha pandemiya rekordi yangilandi

Rossiyada yakshanba kuni kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha pandemiya boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Rekord qatorasiga to‘rtinchi kun yangilanmoqda.

17 oktyabr ertalab holatiga Rossiyada COVID-19 infeksiyasiga chalinish bo‘yicha 34 303 ta yangi holat aniqlandi. Bir kun oldin 33 208ta yangi holat aniqlangandi. 14 oktyabr kuni ilk marta kunlik ko‘rsatkichlar 30 mingdan oshgandi.

O‘lim holatlari biroz pasaygan - so‘nggi bir kunda 997 bemor o‘limi qayd etilgan, bir kun oldin o‘lim holatlari bo‘yicha pandemiya rekordi qayd etilgandi — 1002 holat. Juma kuni 999 kishi vafot etgandi. 14 oktyabrda 986 o‘lim ro‘yxatga olingan va bu ham o‘sha vaqtgacha bo‘lgan davrdagi rekord ko‘rsatkich edi.

Nisbatan eng ko‘p holatlar Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari hamda Moskva oblastida qayd etilmoqda. Moskvada 6740 ta, Peterburgda 3323 ta, Podmoskovyeda 2759 ta yangi holat ro‘yxatga olingan.

Bir kunda poytaxtda 1357 kishi shifoxonalarga yotqizilgan, ayni vaqtda sun’iy nafas oldirish apparatlariga ulanganlar soni 631 nafar. So‘nggi bir kunda Moskvada COVID-19 dan 70 kishi vafot etgani tasdiqlangan, Sankt-Peterburgda bu ko‘rsatkich - 65 ga, Krasnodar o‘lkasida - 39taga teng.

Bir kunda Rossiyada koronavirusga chalingan 18 717 nafar bemorga javob berilgan.

Rossiyada koronavirusga chalinish holatlari o‘sishi sentyabrda boshlangan va oktyabrda sur’at tezlashgandi. Bu holat bugungi kunda mamlakatda jami aholining 35 foizigina emlangani (146 million kishidan 51 mln kishi hech bo‘lmasa bir doza qabul qilgan) bilan izohlanmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda mavsumiy kasalliklar tufayli koronavirusga chalinish holatlari o‘smoqda, ammo vaksinasiya ko‘rsatkichlari past mamlakatlarda o‘lim holatlari ham yuqori bo‘lmoqda.

Emlanganlarning rasmiy statistikasi 15 oktyabrdan Rossiya Federasiyasi tezkor shtabi koronavirusga qarshi emlanganlarning statistikasini ham olib bora boshladi.

Shanba kuni stopkoronavirus.rf portalida emlanganlarning rasmiy statistikasi paydo bo‘ldi - ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinaning birinchi komponenti bilan 51 milliondan ortiq odam emlangan bo‘lsa, Rossiyaning 47,5 milliondan ziyod fuqarosi to‘liq vaksinasiyadan o‘tgan.

Bunga qadar mamlakatda emlanish bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilinmagan, bu boradagi raqamlar amaldorlarning alohida ma’lumotlarida keltirilardi.

Rasmiy statistikada jamoaviy immunitet darajasi bo‘yicha ham ma’lumotlar bor - portal ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada bu boradagi ko‘rsatkich 45 foizni tashkil etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!