Rossiyada umumxalq referendumi yakuniga yetdi

Rossiyada umumxalq referendumi yakuniga yetdi

Mamlakat parlamenti keyingi haftadan boshlab Rossiya Federasiyasi konstitusiyasiga tuzatish kiritilishini ta’minlaydigan qonun ustida ish boshlaydi, deb ma’lum qildi Federasiya Kengashining konstitusiyaviy qonunchilik qo‘mitasi raisi Andrey Klishas.

Uning ta’kidlashicha, asosiy qonunga tuzatish kiritish bo‘yicha rossiyaliklarning mutlaq ko‘pchiligi ovoz bergan.

«Kuchli ijtimoiy suveren davlat tarafdorlari ishonchli g‘alabaga erishdi. Ovoz berish jiddiy nuqsonlarsiz o‘tdi», - dedi senator.

Davlat Dumasi vise-spikeri Pyotr Tolstoy «RIA novosti» muxbiriga bergan intervyusida voqelikka baho berarkan, jumladan, shunday dedi: “RF Konstitusiyasi bo‘yicha ovoz berishning tashkiliy sifati, hatto, unga shubha bilan qaraydiganlarni ham referendum yuqori darajada o‘tganiga ishonishga majbur qildi. Buni rossiyalik kuzatuvchilar ham xorijliklar ham bir ovozdan tasdiqlamoqda. 

 

Shunday ekan, ovoz berish jarayoni qonuniy kechgani hech kimda shubha uyg‘otmasligi kerak. Referendum natijalari Rossiya aholisining ko‘pchilik qismi yoqlagan pozisiyani namoyon etmoqda. Bu mamlakatni kelgusida yanada mustahkamlash uchun prezident Vladimir Putinga bildirilgan yuksak ishonch", - dedi Tolstoy.

Tolstoyning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda deputatlar oldida katta ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Zero, amaldagi qonunchilikni Konstitusiyaning yangi matniga muvofiqlashtirish uchun 70 dan ortiq qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish zarur bo‘ladi.

Ovoz berish yakunlari e’lon qilingach, prezident Vladimir Putin rossiyaliklarga minnatdorlik bildirdi.

«Qo‘llab quvvatlaganingiz va ishonchingiz uchun katta rahmat», — dedi prezident tashkiliy qo‘mita majlisida.

Davlat rahbarining fikricha, SSSR tarqalib ketgandan keyin uncha ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q — zamonaviy Rossiya, mamlakatning siyosiy tizimi hali shakllanish bosqichida.

«Biz muayyan yo‘nalishlarda ancha zaifmiz, hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Bizga ichki barqarorlik zarur, mamlakatni, jamiyatning barcha institutlarini mustahkamlash uchun vaqt kerak», — qo‘shimcha qildi Putin.

Shuningdek, Putinning ta’kidlashicha, u qarshi ovoz berganlarni ham tushunadi, chunki mamlakatda hali hal etilmagan muammolar yetarli, odamlar tez-tez adolatsizlikka duch kelmoqda.

Rossiya Federasiyasi Konstitusiyasiga o‘zgartish kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi avvaliga joriy yilning 22 aprel kuniga belgilangan edi, biroq mamlakatda epidemiologik murakkab vaziyat yuzaga kelgach, tadbir qoldirildi. Keyinroq RF prezidenti Vladimir Putin ovoz berish jarayoni 1 iyulda bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Yangi tahrirdagi konstitusiya kuchga kiradigan bo‘lsa, Vladimir Putin davlat rahbari bo‘lib 2036 yilgacha qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!