Rossiyada jinoyati uchun jazolangan 63 yoshli fuqaro Toshkentda yana jinoyatga qo‘l urdi

Rossiyada jinoyati uchun jazolangan 63 yoshli fuqaro Toshkentda yana jinoyatga qo‘l urdi

63 yoshli “qahramonimiz”ning “tarjimai holi” kishini o‘yga toldiradi. U muqaddam Rossiya Federasiyasi Jeleznodorojniy tuman sudining 2004 yildagi hukmiga ko‘ra, Rossiya Federasiyasi JKning 228-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Rossiya Federasiyasi Kemerovo tuman sudining 2004 yil 22 dekabrdagi ajrimiga asosan o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda ozod qilingan...

O‘zga yurtda sodir qilgan qilmishidan kerakli xulosa chiqarib olgandir, deb o‘ylarsiz. Afsuski unday emas... 2006 yili jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman sudining hukmiga ko‘ra, “kontrabanda” va “giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga urinish” jinoyatini sodir qilib sudlanadi. Yana ozodlikdan mahrum qilinib, boshi devorga tekkandir desangiz, yana yanglishasiz. 2010 yil jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudining hukmiga ko‘ra, yana giyovandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas ekan. Allaqachon “o‘ta xavfli residivist” nomini olgan sudlanuvchi yana jinoyat ko‘chasiga kirdi. U 2021 yilning yanvar oyidan avgust oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zganing mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsad qiladi. Dehqon bozori xududida bo‘la turib, shu yerda atir-upalar sotuvchisiga “atir-upalar olayotgan bir qancha xaridorlarim bor. Sotish uchun menga bersangiz, ushbu mijozlarga sotib, pullarni olib kelib beraman”, deya katta miqdorda foyda ko‘rishini aytib, sotuvchining ishonchiga kiradi. Shu tariqa undan bo‘lib-bo‘lib jami 6 990 000 so‘m miqdoridagi atir-upalarini sotib berish uchun olib, o‘zining mijozlariga sotib, sotuvchiga 1 500 000 so‘m berib, qolgan 5 490 000 so‘mni bermaydi. Va’dasini bajarmay, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Nafs balosi tinchlik bermay, sudlanuvchi bu gal ayni o‘sha dehqon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxsga “tuxum mahsulotlari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanaman. Arzon narxda tuxum mahsulotlarini olib kelib beraman. Birgalikda tadbirkorlik qilsak, katta foyda ko‘ramiz”, deya uni qiziqtiradi. Ishonchga kirgach, tuxum mahsulotlari olib kelib berish uchun 10 000 000 so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Odatga ko‘ra, va’dasini bajarmaydi.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi.

— Muqaddam bir necha marotaba sudlanib, sud tomonidan tayinlangan jazoni to‘liq o‘tab chiqqanman. Keyin 2021 yil tadbirkorlik qilib, pul topishni maqsad qilib, dehqon bozoriga bordim. U yerda tuxum mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs bilan tanishib qoldim. Unga birga tadbirkorlik qilib, katta daromad ko‘rishimizni aytdim. Taklifimga rozi bo‘lgach, bir oy davomida birga ishladik, yaxshi daromad ko‘rdik. Keyinchalik olgan tuxumlarimning narxi tushib ketdi. Sherigimdan olgan tuxumlarni arzon narxda sotganligim sababli savdo yaxshi bo‘lmadi. Qarzga kirib ketdim. Shu tariqa undan 10 000 000 so‘m qarz bo‘lib qoldim. Keyinchalik 2 000 000 so‘mni qaytarib berdim. Hozirgi kunda 8 000 000 so‘m qarzman, - deydi sudlanuvchi.

Galdagi “o‘lja” esa bozordagi ayollar kiyim-kechaklari sotuvchi bo‘ladi. Undan bo‘lib-bo‘lib jami 18 000 000 so‘m miqdoridagi ayollar kiyim-kechaklarini sotib berish uchun olib, ushbu tovarlarni o‘zining mijozlariga sotadi. Pullarni yana shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

— Hozirgi kunga qadar jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni qoplab bermadim. Sud tomonidan menga nisbatan imkoniyat berilsa, jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni bo‘lib-bo‘lib to‘lab berardim, - deya sud majlisida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, sodir qilgan jinoyatining oqibatini tushunib yetganini bildirdi.

Sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirib ko‘rsatma berib o‘tsa-da, uning mazkur jinoyatni sodir etganlikdagi aybi sud majlisida so‘roq qilingan jabrlanuvchilar va guvohning ko‘rsatmalari bilan ham o‘z tasdig‘ini topdi.

5 YIL MUDDATGA OZODLIKDAN MAHRUM QILIDI

Sudlanuvchi JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchidan jabrlanuvchining foydasiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni 18 000 000 so‘m undirilishi belgilandi.

Sudlanuvchidan yana bir jabrlanuvchining foydasiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni 10 000 000 so‘m undirilishi belgilandi.

Uchinchi jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olindi.

To‘lqin Turakulov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!