Rossiya TIV: 2021 yilda O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga tashrifi kutilmoqda
Rossiya tashqi ishlar vazirligi 2021 yilda O‘zbekiston prezidentining Moskvaga tashrifini kutmoqda. Bu haqda Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Rossiya tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Andrey Rudenko ma’lum qilgan.
«Biz bu yil bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Birinchi navbatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mudofaa sohasiga doir juda muhim hujjatlar to‘plami [imzolash uchun] tayyorlangan. Ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarimizdagi strategik bosqich bo‘ladi, deb hisoblaymiz», degan u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda Rossiyaga davlat tashrifi bilan borishi haqida ilk bor 2020 yilning dekabrida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilingandi.
2021 yil avgust oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi qoldirilmagani, faqat epidemiologik vaziyat tufayli muddati aniq bo‘lmay turganini bildirdi.