Rossiya metallurglariga qo‘yilayotgan sanksiyalar avtomobillar tannarxini oshirib yuboradi

Rossiya metallurglariga qo‘yilayotgan sanksiyalar avtomobillar tannarxini oshirib yuboradi

Ukrainadagi siyosiy vaziyat keskinlashishi ortidan xom ashyo va materiallar dunyosidagi narx-navo “halovatini yo‘qotdi” – dastlab narxlar keskin oshdi, so‘ng ba’zi pozisiyalarda o‘z joyiga qayta boshladi. Biroq global po‘lat va po‘lat prokati bozori yaqin kelajakda yana bir zarbani boshdan kechirishi kutilmoqda. Sabab? Rossiyaning yirik «Severstal» xoldingiga qarshi sanksiyalar.

Iyun oyi boshida AQSh rasmiylari Ukraina bilan bog‘liq vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarning joriy qilinishi haqida e’lon qildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning keng doirasiga, jumladan, “Severstal” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan individual va maqsadli cheklovlar joriy etildi.

Unga ko‘ra uch oy ichida Rossiya metallurgiya giganti bilan har qanday bitimlar to‘xtatilishi kerak. Cheklovlar 2022 yil 1 sentyabrda kuchga kiradi. AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Yaponiya rezidentlari Severstal bilan har qanday bitimlarni to‘xtatishlariga to‘g‘ri keladi. Kompaniyaning Qo‘shma Shtatlardagi aktivlari esa muzlatiladi.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, «Severstal» 11,7 mln po‘lat xom ashyosi ishlab chiqardi va bu natija uni Rossiya metallurgiya kompaniyalari orasida 3-o‘ringa olib chiqdi. (1-o‘rinda YEVRAZ, 2-o‘rinda NLMK guruhi). World Steel Association ma’lumotlariga ko‘ra, «Severstal» kompaniyasi o‘z sohasida kattaligi bo‘yicha 40-o‘rinda turadi.

2021 yilda kompaniya o‘z mahsulotining 53 foizini Rossiya ichki bozorida sotdi, 47 foizini eksportga jo‘natdi. Xaridorlar tarkibida, ayniqsa, avtomobil va mashinasozlik korxonalarining ulushi yuqori. «Severstal» ichki bozorda ulardagi mahsulotining 18 foizini, tashqi bozord qariyb 10 foizini ta’minlaydi.

Evropa Ittifoqi mart oyida Rossiyadan metall va temirning ayrim turlarini olib kirishni taqiqlagan edi. “Severstal” ham, uning G‘arbdagi mijozlari ham “favqulodda keskin qarorlar qabul qilishlari kerak – metallurgiya giganti birdaniga eksport oqimini Osiyoga yo‘naltirishi, uning Yevropa va Amerikadagi xaridorlari esa zudlik bilan muqobil metall yetkazib beruvchilarni izlashlari kerak.

Ta’kidlash joiz, “Severstal” uzoq yillar davomida talabchan yevropalik mijozlar bilan ishlash davomida doimiy va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni o‘rgandi. Savol tug‘iladi, Koreya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlarning muqobil kompaniyalari ularni sifatni yo‘qotmagan holda to‘liq almashtira oladimi?

“Severstal”ning MDHdagi (Rossiyadan tashqari) eng yirik xaridorlari qatorida O‘zbekiston milliy avtomobil ishlab chiqaruvchisi – UzAuto Motors ham bor. U Chevrolet avtomobillarining kuzov panellarini shtamplash uchun prokat sotib oladi. Bugungi kunda «Severstal» mashinalar ishlab chiqarish uchun metallning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi, ammo sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng, o‘zaro manfaatli hamkorlikka qaramay, kompaniya siyosati o‘zgarishi mumkin. Mamlakat ichki bozorida sifat va narx bo‘yicha analoglari yo‘qligini hisobga olsak, Xitoy yoki Koreya bozorlari ko‘rib chiqilishi mumkin. Ammo bu, albatta, xom ashyo narxini oshiradi va GM-dan yangi yetkazib beruvchini lisenziyalash uchun vaqt talab etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!