Rishtonda kaltaklangan shifokor holati vazirlik nazoratiga olindi

 Rishtonda kaltaklangan shifokor holati vazirlik nazoratiga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Rishtonda tez yordam xodimi kaltaklanganiga doir xabarlar tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Joriy yil 12 noyabr kuni soat 04:00 larda Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, "Oqtomir" MFY hududida yashovchi fuqaro T.T. tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi — 1942 yilda tug‘ilgan T.G‘. ning sog‘ligi yomonlashganligini ma’lum qilgan.

"Tez yordam" xodimlari xonadonga yetib borib, bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Uning qon bosimi ko‘tarilgani sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilayotganida bemor T.G‘. vafot etgan.

Otasi hayotdan ko‘z yumganidan g‘azablangan T.T. va uning o‘g‘li G‘.X.lar tez tibbiy yordam xodimi B.Z.ni sababsiz urib, unga tan jarohati yetkazgan."Tez yordam" shifokori olgan jarohati sababli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Tegishli tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unga "O‘ng ko‘z orbitasi medial devori o‘rta va orqa yuzasi sinib siljishi. Gemosinus. Chap orbita medial devori deformasiyasi. Burun to‘sig‘i qiyshayishi. O‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi. To‘rparda angiopatiyasi. O‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati. O‘ng ko‘z qovoqlari lat yeyishi" dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holatni o‘z nazoratiga olgan va hozir bemor-shifokorning ahvoli qoniqarli, tegishli davo muolajalari davom ettirilmoqda.

Mazkur hodisa yuzasidan Rishton tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!