Rasman! Qurbon hayiti namozi jamoat bilan ado etilmaydi

Rasman! Qurbon hayiti namozi jamoat bilan ado etilmaydi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni e’lon qiladi:

1. Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi.

2. Juma namozlaridan (yuqoridagi sabablarga ko‘ra vaqtincha o‘qilmaydi) boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, ya’ni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish qat’iyan ta’qiqlanadi.

3. Isitma, yo‘tal kabi kasallik alomatlarini o‘zida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

4. Yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.

5. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

6. Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik go‘shti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qat’iy rioya etsinlar.

7. Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va do‘konlarda sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.

8. Vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz o‘zlarini va oila a’zolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

9. Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson ko‘rsatishning ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulug‘dir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamg‘armasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

10. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati bo‘yicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar.

Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamda xalqimizning hayoti tinchlik va osoyishtalikda davom etishini Yaratgandan iltijo qilib qolamiz!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!