Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti: Ilmiy an’analar davomiyligi va yangi taraqqiyot bosqichi
Bugungi dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi samaradorligi, ilm-fan rivoji va aholi turmush sifatini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, murakkab jarayonlarni avtomatlashtirish, aniq prognozlar ishlab chiqish va inson faoliyatini intellektual tizimlar yordamida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari barcha sohalarda yangi yondashuvlarni shakllantirmoqda. O‘zbekistonda ham raqamli transformatsiya jarayonlari izchil davom etib, sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha, ilm-fan va davlat boshqaruviga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanish, ularning sifati va ishonchliligini ta’minlash, zamonaviy ilmiy infratuzilmani shakllantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash strategik ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va sohaning ilmiy asoslarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi PQ–4996-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Mazkur institut mamlakatimizda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ilg‘or ishlanmalarni yaratish, innovasion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish hamda zamonaviy ilmiy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy markaz hisoblanadi.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining shakllanish tarixi O‘zbekistonda hisoblash texnikasi, kibernetika, algoritmlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari rivojining dastlabki bosqichlari bilan chambarchas bog‘liq. Institut tarixi 1966 yil 26 aprelda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Hisoblash markazli Kibernetika institutidan boshlanadi. Bu davr mamlakatimiz ilm-fani tarixida hisoblash texnikasi, matematik modellashtirish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish va murakkab tizimlarni tadqiq etish yo‘nalishlari shakllangan muhim bosqich bo‘ldi. 1978 yilda ushbu ilmiy markaz negizida “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Birlashma tarkibida “Kibernetika”, “Algoritm” va “Sistemali tadqiqotlar” institutlari, loyiha-konstruktorlik byurolari hamda tajriba zavodlari faoliyat olib borgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatda ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Kibernetika institutida shakllangan ilmiy salohiyat, tajriba va tadqiqot yo‘nalishlari zamonaviy ehtiyojlar asosida rivojlantirildi. Ilgari matematik modellashtirish, algoritmlash va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga qaratilgan izlanishlar bugungi kunda sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, mashinaviy o‘rganish, kompyuterli ko‘rish, intellektual boshqaruv va raqamli platformalar yaratish kabi yangi avlod texnologiyalari bilan uyg‘unlashmoqda. Shu ma’noda, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tarixiy ilmiy merosni saqlab qolish bilan cheklanmay, uni zamonaviy texnologik taraqqiyot talablariga mos ravishda rivojlantirib kelayotgan ilmiy muassasalardan biridiryu
Bugungi kunda Institut ilmiy jamoasining faoliyati “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan. Institutning asosiy vazifalaridan biri mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun zarur bo‘lgan ilmiy asoslarni yaratishdir. Bunda sun’iy intellektni shunchaki alohida texnologiya sifatida emas, balki boshqaruv, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, ta’lim va boshqa sohalarning samaradorligini oshiruvchi kompleks vosita sifatida rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Bu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tadqiqotlar mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning texnologik va ilmiy poydevorini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Institut nazariy izlanishlar bilan amaliy ehtiyojlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga, ilmiy g‘oyalarni real sektor va ijtimoiy soha uchun foydali yechimlarga aylantirishga intilmoqda.
Institut tarkibida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, intellektual dasturiy tizimlar va ma’lumotlarni qayta ishlashning muhim yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 8 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritadi. Mazkur laboratoriyalarda tajribali olimlar, mustaqil izlanuvchilar, yosh tadqiqotchilar, dasturchilar va axborot texnologiyalari mutaxassislari hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bunday ilmiy muhit katta tajribaga ega olimlarning bilim va ko‘nikmalarini yosh avlodga yetkazish, yangi ilmiy g‘oyalarni shakllantirish va istiqbolli ishlanmalarni birgalikda rivojlantirish imkonini beradi. Laboratoriyalarda fundamental, amaliy va innovasion yo‘nalishlarda tadqiqotlar amalga oshirilib, ilmiy natijalar algoritm, matematik model, dasturiy mahsulot, axborot tizimi yoki tajriba namunasi shaklida ishlab chiqiladi. Institutning ilmiy salohiyatini 1 nafar akademik, 7 nafar fan doktori (DSc), 5 nafar falsafa doktori (PhD), shuningdek, ilmiy xodimlar va axborot texnologiyalari mutaxassislari tashkil etadi.
Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish faqat zamonaviy texnik infratuzilma yoki kuchli hisoblash vositalari bilan belgilanmaydi. Bu yo‘nalishdagi eng muhim resurs - nazariy bilimlarni amaliy masalalar bilan uyg‘unlashtira oladigan, zamonaviy algoritm va texnologiyalarni ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lgan malakali kadrlar hisoblanadi. Shu bois Institut faoliyatida ilmiy kadrlar tayyorlash ustuvor o‘rin egallaydi. Institut huzurida to‘rtta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Ushbu kengashlarda dolzarb ilmiy muammolar yuzasidan dissertatsiyalar muhokama qilinadi, ilmiy natijalar baholanadi va tadqiqotchilarning ilmiy daraja olish jarayonlari tashkil etiladi. 2021 yildan buyon Institutda 64 nafar PhD va 6 nafar DSc darajasidagi ilmiy kadr tayyorlandi. Bu natija qisqa davr ichida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishida tadqiqotchilar hamda malakali mutaxassislarning yangi avlodi shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda Institutda 46