Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishda qalbaki hujjat topshirayotganlar aniqlanmoqda

Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishda qalbaki hujjat topshirayotganlar aniqlanmoqda

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qo‘shni davlatlardagi OTMlardan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar va ularning ota-onalariga ogohlantirish bilan chiqdi.

Vazirlikning Hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlanayotgan ekan.

Vazirlik aytishicha, ariza topshirgan fuqarolarning hujjatlari to‘liq tekshiriladi va qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalikka qabul qilinmaydi hamda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi.

Shu sababli Sizlarga kimlardir qo‘shni davlatlardagi OTMlardan birida o‘qiganlik to‘g‘risidagi qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan bo‘lsa, unda bunday ta’magir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot bo‘ling, ertaga boshingizga balo orttirib olmang, deyishmoqchi.

O‘z-o‘zidan Sizda savol tug‘ilishi mumkin, shundoq ham qo‘shni davlatdan hamma talabalar imtihonsiz o‘qishni ko‘chira olishsa, unda qalbaki hujjat nimaga kerak?

Bunday qalbaki hujjatlarni asosan 2 ta holatda tayyorlash taklif qilishlari mumkin:

1) umuman hech qayerda o‘qimaydigan va o‘tgan yillari o‘qishdan yiqilganlarni xuddiki Qozog‘iston, Qirg‘iziston yoki Tojikistonda o‘qiyapti, degan mazmunda soxta hujjat tayyorlab berish. Uyoqdagi xususiy OTMlarga ham nima farqi bor, bitta ma’lumotnomani falon pulga qilib berishadi, hech narsa yo‘qotmaydi. Shu bahona qarabsizki, yo‘q joydan kimlardir bahorga kelib 1-kursdan o‘zimizda o‘qishni boshlashi mumkin;

2) Haqiqatdan qo‘shni davlatda o‘qiyotgan talabalar yo‘nalishi haqida soxta hujjat tayyorlaydi. Masalan, agrar sohada o‘qiyotganlar bir amallab yurisprudensiya yoki tibbiyot yo‘nalishida o‘qiyotganligi haqida ma’lumotnoma olib, O‘zbekistonda shu yo‘nalishlarga o‘qishini ko‘chirib olishga harakat qilishmoqda.

Yaxshi bilasizlarku, bizda aksariyat talabalarning kelajak uchun o‘z oldiga qo‘ygan aniq maqsadi va rejasi yo‘q. Ularga soha yoki yo‘nalish qiziqmas, diplom bo‘lsa kifoya. Shu sababli 1 yoki 2-kursdan keyin bir yumalab umuman boshqa sohaga o‘tib ketaveradi. "Falon soha zo‘r" desa bo‘ldi, o‘sha yoqqa qarab ketaveradi.

Vazirlik bunday qalbaki hujjatlarga qarshi qanday yo‘l bilan kurashayotganligini aniq bilmadimu, lekin albatta bu bo‘yicha o‘ta qat’iy turish kerak. Chunki Hukumatning ushbu qaroridan ayrimlar rosaaaa «soqqa» qilish ilinjida yugurib yurgani bor gap.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!