Qur’oni karimni krill alifbosida yozish mumkin emasmi?

Qur’oni karimni krill alifbosida yozish mumkin emasmi?

Bismillahir Rohmanir Rohim. Qur’oni karimni arab alifbosidan boshqa (krill yoki lotin kabi) harflar bilan yozish shar’an joiz emas. Bunga barcha mazhab fuqaholari ittifoq qilishgan.
Xususan, hanafiy fuqaholarimiz garchi arab xatiga yaqin bo‘lsada forsiy xat bilan ham Qur’on oyatlarini yozishni man qilganlar. Jumladan, Imom Burhoniddin Marg‘iloniy shunday degan:

ويمنع من كتابة القرآن بالفارسية بالإجماع لأنه يؤدي إلى الإخلال بحفظ القرآن؛ لأنا أمرنا بحفظ اللفظ والمعنى…”

ya’ni: “Qur’onni forsiy xatda yozishdan qaytariladi. Bunga ulamolar ijmo’ qilgan. Chunki Qur’onni forsiy xatda yozish uni saqlab qolishga putur yetkazadi. Biz Qur’onning lafzi va ma’nosini saqlab qolishga buyurilganmiz…” (“At-Tajnis” kitobi).
Shuningdek, yana bir hanafiy alloma Qivomiddin al-Xo‘jandiy “Me’rojud-diroya” kitobida shunday degan:

“من تعمد قراءة القرآن أو كتابته بالفارسية فهو مجنون أو زنديق”.

ya’ni: “Kim Qur’onni qasddan forschada (ya’ni, arab harflaridan boshqa harfda) yozsa, u yo majnun yoki zindiq (imonsiz) bo‘ladi”.
Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolardan Imom Shurunbuloliy bu mavzuda alohida kitob yozib, unda quyidagilarni ta’kidlagan:

إجماع الأئمّة الأربعة، واتفاق علماء مذاهبهم، على أنّ اتباع رسم خط المصحف العثماني واجب في كتابة القرآن الكريم، وأنّ كتابته بعبارة غير عربيّة: حرام، وكذا كتابته بغير خطّ عربيّ: ممنوع.

ya’ni: “To‘rt fiqhiy mazhab imomlarining ijmosi va ularning mazhabidagi ulamolarning ittifoqiga ko‘ra Qur’oni karim yozilishida Usmoniy mushaf xatiga ergashish vojibdir. Arab tilidan boshqa tilda yozish haromdir. Shuningdek, arab xatidan boshqada yozish ham man qilingandir” (“An-Nafhatul qudsiyya fi ahkami qiroatil-Qur’an va kitabatihi bil-farisiyya” kitobi).
Ushbu masala yuzasidan boshqa mo‘’tabar mazhab ulamolari ham hanafiy ulamolarimiz bilan yakdil fatvolarni e’lon qilganlar. Jumladan, Shofeiy mazhabining muhaqqiq olimlaridan Ibn Hajar Haytamiy o‘zining “Katta fiqhiy fatvolar» kitobida, jumladan, shunday degan: “(Qur’onni arabchadan boshqa alifboda yozish) bu – ashoblarimiz haromligiga ittifoq qilgan masaladir… Qur’onni ajam harfida yozishda uning kofirlarni bellashuvga chorlagan mo‘’jiz (ya’ni, ojiz qoldiruvchi) lafzini o‘zgartirish bor”.
Misrdagi «Al-Azhar» unversitetining yirik ulamolaridan biri Shayx Mahmud Abu Daqiqa shunday deydi: “To‘rt fiqhiy mazhablarning imomlari ham Qur’onni arab alifbosidan boshqa alifboda yozish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Chunki Qur’onni boshqa alifboda yozish uni ijmo’ sobit bo‘lgan va ergashish vojib bo‘lgan rasmdan chiqaradi. Balki bu – lafzlarda o‘zgarish yuz berishiga olib keladi. Chunki ba’zi arab harflarining o‘xshashi boshqa alifbolarda yo‘q. Lafzdagi o‘zgarish esa ma’noning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Boshqa alifboda yozish, qanday bo‘lmasin, mana shunga olib kelishi aniq. Shu bois ba’zi hanafiy ulamolar: “Kim Qur’onni qasddan arab harflaridan boshqa harfda yozsa, u yo majnun bo‘ladi yoki zindiq bo‘ladi”, deganlar.
Hozirgi kunda ko‘plab, yirik fatvo uyushmalari tomonidan Qur’oni Karimni lotin yoki boshqa alifboda yozish harom ekaniga bir ovozdan qaror qabul qilganlar. Ular qatorida Saudiya Arabistonidagi “E’tiborli ulamolar hay’ati”, Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar unversiteti fatvo qo‘mitasi”, “Hindiston ulamolar jamiyati” (Dehli) kabi jami yigirmadan ortiq nufuzli tashkilot va hay’atlarning fatvo uyushmalarini ko‘rish mumkin.
Xulosa qilib aytganda Qur’oni karimni o‘zi nozil bo‘lgan arab imlosidan boshqa harflarda yozish yoki shu asosida Qur’oni karimni tilovat qilish shar’an joiz emas. Chunki arab imlosining o‘ziga xos jihatlari borki, uni boshqa harflarda ifodalash imkonsiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!