Qur’onda duo qanday anglatilgan?

Qur’onda duo qanday anglatilgan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Chaqirish, nido qilish, istash, yordam so‘rash ma’nolarini bildirgan duo, Qur’onga ko‘ra bandaning butun vujudi bilan Allohga iltijosi yoki imkoniyatlari cheklangan mavjudod – insonning, hamma narsaga qodir Zot qarshisida ojizlik bilan munojot qilishidir. Allohga iymon keltirgan har bir kishining duo qilishi bir haqiqat. Faqat ba’zilar duoni so‘nggi chora sifatida, barcha imkoniyatlarni ishga solib, o‘ylagani amalga oshmagandan keyingina qo‘llashi lozim bo‘lgan imkon sifatida ko‘rishadi. Bundaylar qiyin ahvoldan chiqqach, boshlariga yana bir mashaqqat tushmaguncha Allohni yod etish hayollarining chetidan ham o‘tmaydi. Ayrim toifa odamlarning esa duo haqida tushunchalari juda yuzaki. Ularning nazdida duo bolalikdan e’tiboran oilaning yoshi ulug‘ a’zosi tomonidan o‘rgatiladigan jumlalardir. Bundaylar duoda Allohning borligi, birligi, buyukligi, hamma narsaga qodirligi, bandalarining ahvolidan doimiy ogohligi, duolarining qabul bo‘lish-bo‘lmasligi haqidagi tushunchalarga mutlaqo ega emaslar. Oldindan yod olingan duo qolipidan tashqariga chiqmaydilar.

Qur’on ilmiga ko‘ra duo qilish – Allohga bog‘lanishning eng oson yo‘li. Keling endi, Allohning sifatlarini bir o‘ylaylik. U insonga jon tomirlaridan ham yaqin, hamma narsani eshituvchi, ko‘ruvchi Zotdir. Insonning qalbidan o‘tgan har qanday fikr Allohning nazaridan chetda qolmaydi.

Inson Allohning ojiz, Uning yordamiga doimiy muhtoj bandasi ekanligini bilib yashasa, har doim Allohning u bilan birga ekanligi, qalbida yashiringan zarradek tuyg‘ularidan ham boxabarligi, orzu-niyatlarini Alloh yuzaga chiqarayotganini yurak-yurakdan his qiladi. Shu sababli inson mudom Allohga samimiyat bilan gunohlarini, xatolarini e’tirof etishi, O‘zidan yordam so‘rab qalban yuzlanishi lozim. Buning aksini qilgan kimsalar Allohga qarshi kibrlangan hisoblanib, Qur’onda buning jazosi jahannam ekanligi bayon qilingan.

Aslida insonlarning bari duoga ehtiyoj sezadilar. Faqir va nochor ahvolda yashayotgan insonning badavlat insonga qaraganda duoga ko‘proq ehtiyoj sezadi deb o‘ylash, duo haqida noto‘g‘ri tushunchaga ega kishilarning fikri. Hamma narsasi bor, barcha maqsadlariga yetishgan kishining duoga hech ehtiyoji yo‘q deb o‘ylash ham noto‘g‘ridir. Chunki bunday holda duo qilishning yagona sababi dunyoviy orzularga erishish bo‘lib qoladi. Vaholanki, mo‘minlar ham dunyo, ham oxiratlari uchun duo qiladilar. Duo qiluvchi yuzaga kelgan har qanday holatni, har qanday voqealarni koinotning yaratuvchisi va hokimi bo‘lgan Allohga havola qiladi. Muammolarning yechimini topish uchun intilish, Allohga duo qilish, ishlarining xayrli yakunini Allohga havola etish bilan birga, sabr qilish ham rohat manbaaidir.

Eng oxirgi marta Allohga qachon duo qilganingizni eslaysizmi? Bu savolga turlicha javob olinishi tabiiy. Insonlar albatta, hamma joyda, har qanday vaziyatda, barcha istaklarining ro‘yobi uchun Allohga duo qiladilar. Ammo iymon keltirganlarning har qanday vaziyatda ham Allohga duo qilishlari haqida Qur’onda alohida e’tibor qaratilgan:

“Robbimiz, buni bekorga yaratganing yo‘q, O‘zing poksan, bizni o‘t azobidan saqlagin. Robbimiz, albatta, Sen kimni do‘zaxga kiritsang, batahqiq, uni sharmanda qilibsan. Va zolimlarga yordam beruvchilar yo‘q. Robbimiz, biz nido qiluvchining: “Robbingizga iymon keltiring!”- deb nido qilayotganini eshitdik va iymon keltirdik. Robbimiz, bizning gunohlarimizni kechirgin va yomonliklarimizni o‘chirgin hamda yaxshilar bilan birga o‘ldirgin. Robbimiz, bizga Payg‘ambarlaringga va’da qilgan narsalaringni bergin va bizni qiyomat kuni sharmanda qilmagin. Albatta, Sen va’daga xilof qilmasan. Robbilari ularning (duolarini) ijobat qilib: “Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmasman” (“Oli Imron”, 191-195).

Bular bilan yonma-yon duoning eng go‘zal, eng maqbul shakli borki, Qur’onda ular bayon qilingan.

“Qur’oni karimga ko‘ra duo” kitobidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!