Qozog‘istondagi Alako‘l ko‘lida dam olish zonasida favqulodda holat e’lon qilindi
Qozog‘istonning sharqiy qismidagi Abay viloyatida joylashgan Alako‘l ko‘lidagi dam olish zonasida rasman mahalliy tabiiy favqulodda holat e’lon qilindi, deb xabar berdi «Kazinform».
Maqanshi tumani Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Bunday choraga Qabanbay qishloq okrug‘ini qamrab olgan sohildagi eroziya xavfi sabab bo‘ldi. Bu hududda o‘nlab dam olish uylari, kafe va xususiy mehmonxonalar joylashgan. Sohilning vayron bo‘lishi tadbirkorlarga katta moddiy zarar yetkazishi va mintaqada turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
— “Bugungi kunda dam olish maskanlarining vayronaga aylanishining oldini olish va xavfsizligini ta’minlash — bizning ustuvor vazifamiz. Barcha xizmatlar shay holatga keltirildi,” — dedi Maqanshi tumani hokimi o‘rinbosari Aliya Sarboyova.
Alako‘l Qozog‘istondagi eng mashhur ichki turizm yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yuqori mavsumda u yerga o‘n minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Mutasaddilarning qayd etishicha, bu holat sohil chizig‘ini mustahkamlash va infratuzilmani yangilash bo‘yicha loyihalarni jadal amalga oshirishga turtki bo‘lishi mumkin.
