Qozog‘istonda "pasport"ini oldirib qo‘ygan samarqandlik fuqaro O‘zbekistondan yordam so‘radi

Qozog‘istonda "pasport"ini oldirib qo‘ygan samarqandlik fuqaro O‘zbekistondan yordam so‘radi

2021-yilning oktyabr oyida Toshkent shahar IIBB xodimlari Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi idoraning rasmiy sahifasi orqali foydalanuvchilarning biridan xabar qabul qilishdi. Samarqand viloyatilik J.E. o‘z ma’lumotlarini taqdim qilgan holda og‘ir ahvolga tushib qolganini aytdi. Tanishining taklifi bilan Qozog‘istonga ishlashga ketgan J.E.ga uch oydirki pasportini ham, oyligini ham berishmayapti. “Hozir biz Olmaotadamiz. Iltimos, yordam bering” deb xabarini yakunladi.

Bu kabi xabarlar minglab murojaatlardan o‘z ahamiyati, og‘irligi bilan ajralib turadi. Bundan murojaatlarning mualliflari ko‘pincha odam savdosi qurboniga aylanib qolishganini anglab yetishmaydi. Ammo muammodan xabar topgan xodimlar tezkor chora ko‘rish zarurligini tushunishadi.

Murojaat qilgan 31 yoshli J.E. bilan aloqa o‘rnatildi: uning telefon raqami va bir qator tafsilotlar qabul qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning iyun oyida uni tanishi Sheroz N. Shimkentga qurilish ishlariga chaqirgan. Bajargan ishlari uchun haqini olmagan J.E. boshqa bir vatandoshi – Ali E.ning taklifiga rozi bo‘lib, Olmaota viloyatiga borishga majbur bo‘lgan. Manzilgan yetib kelgan J.E.dan uning pasportini “vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish” bahonasida so‘rab, bir necha oy davomida hujjatlarini qaytarib bermasdan oylik ham berishmagan. Suhbat davomida aniqlanishicha, J.E. bilan birga xuddi shu holatga O‘zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari – 1998-yilda tug‘ilgan D.A. va 2000-yilda tug‘ilgan O.U.lar ham tushib qolishgan.

Mazkur xabar Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari va “Istiqbolli Avlod” Respublika ijtimoiy-axborot markazi tomonidan o‘rganib chiqildi. Umumiy sa’y-harakatlar natijasida uch nafar O‘zbekiston fuqarolari ekspluatasiyadan ozod qilinib, zarur yordam va huquqiy maslahat olishdi. Ularga O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga hamda Qozog‘istonning Olmaota viloyati policiyasiga ariza bilan murojaat qilishda ko‘mak berildi. Hozirgi vaqtda qozog‘istonlik hamkasblarimiz mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!