Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlarining Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qo‘shma bayonoti

Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlarining Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qo‘shma bayonoti

Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

Qardosh Qirg‘izistonda sodir bo‘layotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik, umumiy madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan yaqin qo‘shnilar sifatida biz ushbu qiyin kunlarda Qirg‘iziston xalqini mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun o‘ziga xos bo‘lgan donolikni namoyon etishga chaqiramiz.

Qirg‘izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, Konstitusiya va milliy qonunchilikka so‘zsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildiramiz.

Qirg‘izistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir.

Mamlakatlarimizning o‘tmishi bir, ular umumiy kelajakni barpo etmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajak avlodlar farovonligi uchun barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.

Mushtarak maqsadlarga intilgan holda, davlatlarimiz savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo‘lidan borar ekanmiz, biz Qirg‘iziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qo‘llab-quvvatlaymiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!