Qonunga chap bermoqchi bo‘lgan “uddaburon” tadbirkorlar yoxud kredit nayranglari

Qonunga chap bermoqchi bo‘lgan “uddaburon” tadbirkorlar yoxud kredit nayranglari

Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar va uning huquqiy asoslari yaratilgan. Zero, mazkur imkoniyatlarni soliq va bojxona imtiyolari berish, yer ajratishning shaffof tizimi yaratilishi, imtiyozli shartlarda kredit ajratish va boshqa yo‘nalishlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Biroq, afsuslar bo‘lsinki, ba’zi “uddaburon” tadbirkorlar tomonidan islohotlar mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetmayotganligi, mavjud imkoniyatlardan tekin boylik orttirish maqsadi ko‘zlashi dilni xira qiladi. Buni misol tariqasida sudda ko‘rib chiqilgan bir kredit nizosiga oid aniqlangan holatlarni keltirish o‘rinlidir.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘ijduvon tumanida “BV COR MAKS TRADING” mas’uliyati cheklangan jamiyati (matnda MCHJ deb yuritiladi) fuqaro S.Abduxayrovaning yagona ta’sischiligida 100 foiz ulush bilan tashkil qilingan. S.Abduxayrova MCHJning rasmiy rahbari bo‘lsada, ishonchnoma asosida o‘z turmush o‘rtog‘i M.Ro‘ziyevga MCHJ faoliyatini yuritishga vakolat bergan. Biroq, “uddaburon” tadbirkorlar bankdan kredit olib, keyinchalik uni qaytarmaslik, kredit tanidan bo‘lgan qarzni qaytarsada, undan foydalanganlik uchun foiz summalarini qaytarmaslikning yo‘l-yo‘rig‘ini topgandek ko‘rinadi.  

ATB “O‘zsanoatqurilish-bank” To‘qimachilik filiali (matnda “bank” deb yuritiladi) va MCHJ o‘rtasida 2018 yil 24 avgustda 1015-sonli kredit shartnomasi tuzilib, unga ko‘ra bank tomonidan MCHJga parrandachilikni tashkil qilish maqsadida 3 yil muddatga yillik 18 foiz ustama to‘lash sharti bilan 790 000 000 so‘m miqdorida kredit ajratish, MCHJ esa kredit va unga hisoblangan foizlarini belgilangan muddatlarda qaytarish majburiyatini zimmasiga olgan. Kredit ta’minoti sifatida 2018 yil 24 avgustdagi kafillik shartnomasiga ko‘ra “SONTINENT IMPEX” MCHJning kafilligi taqdim etilgan hamda 2018 yil 25 avgustdagi ipoteka shartnomasiga asosan fuqaro Q.Jamilovaga tegishli ko‘chmas mulklar garovga qo‘yilgan. Qarangki, kredit shartnomasini imzolash jarayonida bank xodimlarining e’tiborsizligi yoki “sherik”ligi oqibatimi, MCHJ nomidan uning rahbari S.Abduxayrova shaxsan imzolashi lozim bo‘lsada, qonun talabiga zid ravishda uning imzosini M.Ro‘ziyev tomonidan bajargan. Keyinchalik, bundan mazkur qonunbuzilishni ro‘kach qilib, tuzilgan kredit shartnomasini haqiqiy emas yoki noqonuniy deb topish orqali majburiyatni bekor qilish maqsad qilingan bo‘lsa ajab emas.

Kredit shartnomasiga asosan bank MCHJga 790 000 000 so‘m kredit ajratgan. Biroq, bank tomonidan o‘tkazilgan monitoring jarayonida “uddaburon” tadbirkorlar MCHJ nomiga olingan kredit mablag‘larini maqsadsiz foydalanilganligi aniqlangan. Shu sababli O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi bank manfaatida fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, MCHJdan va kafildan 2019 yil 23 iyul holatidagi 492 371 540 so‘m kredit asosiy qarzi undirishni va undiruvni fuqaro nomida bo‘lgan garov mulkiga qaratishni so‘ragan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi qanoatlantirilgan. 

Tabiiyki, keyinchalik MCHJ ish yurituvchisi fuqaro M.Ro‘ziyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko‘ra 2018 yil 24 avgustda 1015-sonli kredit shartnomasida MCHJ rahbari S.Abduxayrovaning imzosi soxtalashtirilganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Ro‘ziyev jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining hukmi bilan aybdorligi ham so‘zsiz ibotlangan.    

S.Abduxayrova va uning turmush o‘rtog‘i M.Ro‘ziyev bu holat ularning manfaatiga ishlashiga ishongan holatda MCHJ nomidan iqtisodiy sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar ATB “O‘zsanoatqurilishbank” To‘qimachilik filiali va Ro‘ziyev Maqsud Mardonovichga nisbatan taraflar o‘rtasida tuzilgan 2018 yil 24 avgust kuni tuzilgan 1015-sonli kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudi dastlab mazkur nizoni hal qilishda ish hujjatlarini to‘liq o‘rganmasdan va nizoni hal etish uchun ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq aniqlamasdan, ekspertiza xulosasiga asosan da’vo talabidagi nizoli 2018 yil 24 avgust kuni tuzilgan 1015-sonli kredit shartnomasida MCHJ rahbari A.Abduxayrovaning imzosi soxtalashtirilganligini asos qilib, FKning 116-moddasiga ko‘ra mazkur shartnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida shoshilinch hal qiluv qarori qabul qilgan. Yoinki, sud tomonidan hal qluq qarorining qonuniy va adolatli bo‘lish lozimligi prinsiplari buzilgan.  

Fuqarolik kodeksi 132-moddasida belgilanishicha vakil qilinmagan shaxs tomonidan boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs ushbu bitimni keyinchalik ma’qullagan taqdirdagina uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim ma’qullangan hisoblanadi.

Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs tomonidan bitimning keyinchalik ma’qullanishi uni tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy bitimga aylantiradi.

Binobarin, sudlov hay’ati tomonidan aniqlangan ishning haqiqiy holatlariga ko‘ra MCHJ rahbari S.Abduxayrova tomonidan kredit shartnomasini shaxsan imzolamagan bo‘lsada, biroq mazkur kredit shartnomasini ma’qullangan va ijroga qabul qilinganligini tasdiqlovchi bir nechta dalillar majmui bilan isbotlandi. Xususan, kredit shartnomasi ta’minoti bo‘yicha tuzilgan G‘ijduvon tuman 3-sonli davlat notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan 2018 yil 25 avgustdagi ipoteka shartnomasi kredit oluvchi taraf MCHJ rahbari S.Abduxayrova tomonidan shaxsan imzolangan. Shuningdek, MCHJ rahbari S.Abduxayrova tomonidan kredit shartnomasiga asosan kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha MCHJ nomidan “G`ijduvon Tomorqa xizmati” MCHJ va “Bay Sell Trading” MCHJ o‘rtasida tovuq (parranda) va parrandachilik uskunasini sotib olish haqidagi 2018 yil 30 iyuldagi 249-sonli va 2018 yil 30 iyuldagi 06/07-sonli shartnomalar imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan. Bundan tashqari, ish hujjatlaridagi bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari maqsadli ishlatilishi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar bo‘yicha 2019 yil 7 yanvardagi, 12 martdagi va 20 noyabrdagi tuzilgan dalolatnomalar ham MCHJ rahbari S.Abduxayrova tomonidan e’tirozsiz imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan. Qolaversa, MCHJ rahbari S.Abduxayrova tomonidan imzolangan 2018 yil 1 martdagi 2-sonli ishonchnomaga asosan vakil sifatida fuqaro Ro‘ziyev Maqsud Mardonovichga MCHJ va rahbari nomidan shartnomalar tuzish, hisobvaraq-fakturalar yozish va imzo qo‘yish, bitim va dalolatnomalar tuzish, sud va sud majlislarida qatnashish, xokimiyat, notarius, kadastr, bank va bank ishlarida to‘lov topshiriqnomalariga imzo qo‘yish vakolati berilgan. Mazkur ishonchnomaga ko‘ra MCHJ rahbari S.Abduxayrovaning vakilga shartnomalarni, xususan kredit shartnomasini imzolash uchun xohish-irodasi mavjud bo‘lgan. Demak, MCHJ rahbari S.Abduxayrova ipoteka shartnomasida qayd etilgan taraflar o‘rtasidagi 2018 yil 24 avgustdagi 1015-sonli kredit shartnomasiga asosan parrandachilikni tashkil qilish uchun 790 000 000 so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilayotganlik holatlaridan bevosita xabardor bo‘lgan va bank bilan MCHJ o‘rtasida kredit shartnomasi tuzib, kredit olishni maqsad qilgan. Kreditni qaytarish muddati kelganda esa qonun talablarini chetlab o‘tish mumkinligiga ishonch hosil qilinganligi ko‘rinadi shekilli.      

Biroq, qayd etib o‘tilgan holatlarda kredit shartnomasi haqiqiy bitimga aylanishi sababli MCHJ uchun tegishli huquq va majburiyat vujudga keltiradi. Bu holatda sudlov hay’ati MCHJning kredit shartnomasini haqiqiy emasligi haqidagi da’vo talabini asossiz deb hisobladi.

Buxoro viloyat iqtisodiy sudi kassasiya instansiyasida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, da’voni qanoatlantirish rad etildi. Bank huquq va manfaatlari buzilishi oldi olinib, “uddaburon” tadbirkorlarning kredit nayranglari va qonunni chetlab o‘tishga bo‘lgan noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. 

Ilhom Yuldashev, 

Buxoro viloyat sudi  iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!