Qonun diniy qarashlarni majburan singdirishni taqiqlaydi

Qonun diniy qarashlarni majburan singdirishni taqiqlaydi

Xususan, yangi tahrirda ishlab chiqilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun vijdon erkinligi me’yorlarini aniq ko‘rsatib, fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligini ta’minlaydi. Shuningdek, diniy qarashlarni majburan singdirishni taqiqlaydi.

Qonunni tayyorlashda xalqaro me’yor va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta o‘rganilib, ulardagi asosiy qoida va tamoyillar inobatga olingan.

Qonun bir nechta muhim yangiliklar va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishni o‘z ichiga olgan. Muhim o‘zgarishlardan biri bo‘lgan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlarni to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishining joriy etilishi ushbu qonunning hozirgi davr talablari doirasida ishlab chiqilganining yana bir isbotidir.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, davlat xizmatlari, shu jumladan, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Murojaat qiluvchi elektron tizimga kirganidan keyin o‘zining shaxsiy kabinetidagi tegishli murojaat turini tanlaydi, ma’lumotlarni bosqichma-bosqich kiritadi va hujjatlarni elektron tizim orqali yuboradi.

Hozirgi kunda diniy tashkilotlar Adliya vazirligi tomonidan ishga tushirilgan “www.e-ngo.uz” veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Mazkur veb-sayt O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan, diniy tashkilotlar va adliya idoralari o‘rtasida elektron hujjat aylanishini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.

Ushbu veb-sayt diniy tashkilotlarga bir qator xizmatlarni elektron shaklda olish imkonini beradi. Xususan, ro‘yxatdan (qayta ro‘yxatdan) o‘tish, tugatish, yillik faoliyat hisobotlarini taqdim etish, rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish, chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarni akkreditasiya qilish.

Tizimga kirish “OneID” yagona identifikasiya tizimi yoki elektron raqamli imzo yordamida amalga oshiriladi.

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali ko‘rsatilishi bevosita ish jarayonida vujudga keladigan barcha turdagi hujjat va ma’muriy ma’lumotlarni elektron tarzda tayyorlash, to‘plash, ko‘rib chiqish, saqlash imkoniyatini yaratadi. Buning natijasida diniy tashkilot tashabbuskorlari tomonidan ortiqcha qog‘ozbozlik, hujjat topshirish uchun ortiqcha navbat kutish kabi salbiy holatlarning oldi olinadi.

Bundan tashqari, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda (qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda) elektron tizim orqali xizmatlar ko‘rsatilishi bir qator afzalliklarga ega.

Xususan, aholiga davlat xizmatlarining yetkazilishi va samaradorligi yaxshilanadi. Axborotdan ochiq foydalanish imkoniyati fuqarolik jamiyatining rivojiga hamda davlat organlari bilan munosabatlarning yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida davlat legitimligini oshiradi.

Eng muhimi, bu tizim fuqarolar uchun yanada ko‘proq qulaylik yaratib, sarf-xarajatlarning qisqarishiga omil bo‘ladi, va ayniqsa, qog‘oz sarfi kamayadi. Bu atrof-muhit, ekologiyaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Fuqarolarimizni an’anaviy xizmat ko‘rsatish usulidan voz kechib, elektron xizmat ko‘rsatish usuliga o‘tishlari osonlikcha hal bo‘lmaydi, albatta.

Buning uchun adliya idoralari tomonidan muntazam ravishda aholining ushbu tizim haqidagi bilimini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, elektron tizimning joriy qilinishi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida ochiqlik va shaffoflik, davlat xizmatlari yetkazilishi va sifati yaxshilanishi, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik hamda sarf-xarajatlarning qisqarishiga olib keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!