Qizingiz oila qurishga tayyormi?

Qizingiz oila qurishga tayyormi?

Alloh taolo barcha maxluqotlar qatori insonni ham juft qilib, ya’ni erkagu ayol qilib yaratgan. Erkakni ayolga tabiatan moyil qilib, ayolni ham erkakka nisbatan muhabbatli qilib xalq etgan. Demak, jamiyatning rivojlanishi, odamzodning davomi mana shu juftlik bilan hosil bo‘ladi. Ushbu ne’matni Alloh taolo marhamat qilib deydiki:

“Uning oyat-belgilaridan yana biri – U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlarinigizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda sevgi-muhabbat va mehribonlik paydo qilishidir” (Rum, 21).

Erkak va ayol juftlanib turmush qurishi, Yaratuvchining xohishi va bundan maqsad, ya’ni er-xotin bo‘lib yashashdan hikmat ajralish emas, balki sakinat-xotirjamlikda, hamdam bo‘lib yashashlikdir. Va albatta, bu orada er-xotin bo‘lib, bir-biriga muhabbatli bo‘lishi va Alloh farzand ato qilgandan keyin bir birlariga mehribon bo‘lib qolishi bu ilohiy irodadir. Alloh taolo juftlanishni go‘zal bir o‘xshatish bilan bizlarga bildirib shunday deydi:

“Ular sizlar uchun libos va sizlar ham ular uchun libosdirsizlar”(Baqara, 187).

Ya’ni er-xotin bir-biri uchun xuddi badanining ayblarini yashiradigan libos va yana uni issiq-sovuqdan asrab, unga harorat bag‘ishlab turadigan libos kabidir.

Oisha onamiz roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Ayollarga insonlarning haqdorrog‘i kim”, deb so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ayol ustida insonlarning haqdorrog‘i eridir. Erkak ustida insonlarning haqdorrog‘i onasidir”, deb javob berdilar.

“Bir kishi kelib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: “Erning ayol ustidagi haqqi nima?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ayol chiqib ketib, birozdan keyin kelsaki, eri moxov kasalligi tufayli badanlari hammayog‘i qonu yiring bo‘lsa, o‘shani tili bilan yalab chiqsa-da, erini haqqini ado qilolmaydi. Erining ruxsatisiz uydan chiqmaydi va erining iznisiz uyidan biror narsa chiqarib bermaydi”.

Yana bir hadisda: “Bir ayol kelib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan so‘radi: “Erning ayol ustidagi haqqi nima?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tuya ustida turgan bo‘lsa ham o‘zini eridan qaytarmaydi, erining ruxsatisiz uydan biror narsani sadaqa qilmaydi, agar shunday qilsa, eriga savob, xotinga gunoh yoziladi, erining ruxsatisiz nafl ro‘za tutmaydi, agar tutsa, savob olmaydi, balki gunohkor bo‘ladi, erining iznisiz uyidan chiqsa, rahmat va g‘azab farishtalari la’natiga qoladi, to qaytgunicha”, dedilar. “Agar eri zolim bo‘lsa hammi?” deb so‘raganida “Agar zolim bo‘lsa ham”, dedilar”.

Husayn ibn Mihson aytadilar: “Ammam menga aytib berdilar: “Bir yumush bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borgan edim. “Ering bormi?” deb so‘radilar. “Ha”, dedim. Shunda: “Unga qanday munosabatdasan?” dedilar. Men: “Uzrlik holatimdan boshqa paytda unga e’tiborsizlik qilmayman”, dedim. Aytdilar: “Unga nisbatan nima ishlar qilayotganinga e’tibor ber. Chunki u sening jannating yoki do‘zaxingdir”.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Qaysi ayol o‘lsa va eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiribdi”.

Solihlardan biri – Asmo ibn Xorija Fazoriy qizini turmushga berishdan oldin unga quyidagicha nasihat qildi: “Ko‘zimning oqu-qorasi, hayotim quvonchi, jon qizim! Agar biror insonning odobi go‘zal bo‘lgani va nasabi oliy bo‘lgani uchun nasihat qilinmaydigan bo‘lsa, bunga sen haqli bo‘lar eding. Biroq, ushbu pand va o‘gitlar g‘ofil kishiga eslatma, oqil insonga esa manfaat beradi. Ey qizim! Sen bugun bu dunyo yuzini ko‘rib, unib-o‘sgan joyingdan o‘zing bilmagan maskanga hamda hayot sinovlarida senga hamroh bo‘lmagan insonning uyiga ketyapsan. Sen ering uchun yer bo‘lgin, u sen uchun osmon bo‘ladi. Jufti haloling uchun misoli cho‘ri kabi bo‘l. U sen uchun qul kabi bo‘ladi. Men senga aytmoqchi bo‘lgan ushbu nasihatlarni doimo yodingda saqla:

Jufti halolingga qanoatli bo‘l. Chunki bu xislat bilan qalb doimo xursand bo‘ladi.

Eringning aytgan gaplariga va buyurgan ishlariga so‘zsiz amal qil. Zero, bu ishda Allohning roziligi bor.

Eringning ko‘zini yomon joylarga tushishidan saqla. Hargiz uning nigohi xonadonda yomon ko‘rilgan narsaga tushmasin. Ayol kishi uchun eng go‘zal narsa bu surmadir.

Uning dimog‘iga yomon hidlar kirishiga ham yo‘l qo‘yma. Doimo sendan va xonadoningdan muattar hidlar taralib tursin. Eng yaxshi xushbo‘ylik bu suvdir (Suv bilan ozodalik saqlanadi).

Uning molini muhofaza qil. Yodingda tutginki, molni tejab ishlatish go‘zal hayot kechirish garovidir.

Uning oila a’zolariga hurmat bilan qara. Chunki bu oilaviy hayotning totuvligini ta’minlovchi asosiy ishdir.

Jufti halolingning taomini vaqtida tayyorla. Chunki och qolish g‘azablanish sabablaridan hisoblanadi.

Uyqusi kelganda darhol o‘rnini hozirla. Zero, uyquning kechikishi ham erning asabiylashishiga olib keladigan sabablardan biridir.

Turmush o‘rtog‘ing va oila a’zolaring sirlarini boshqalarga aytma. Agar ularning sirlarini begonalarga aytsang, turmush o‘rtog‘ing va uning yaqinlarining ishonchini yo‘qotasan.

Eringga osiy bo‘lma. Agar unga osiy bo‘lsang, uning qalbiga ozor yetkazgan bo‘lasan.

Shunday ekan, oilada rohat-farog‘atni, oxiratda esa jannatga kirishni istagan har bir ayol erini xizmatini qilib, roziligini olib, uning duosini olishga harakat qilmog‘i zarurdir.

Xurshid ASLANBAYEV,

Yangiyer shahar “Abduqahhor hoji” jome masjidi imom-xatibi

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!